22:11 / 25.03.2025
441

Oq uydagi mojaro: jurnalist maxfiy chatga qo‘shilib, davlat sirlaridan voqif bo‘ldi

Oq uydagi mojaro: jurnalist maxfiy chatga qo‘shilib, davlat sirlaridan voqif bo‘ldi
Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts va mudofaa vaziri Pit Xegset Oval ofisdagi yig‘ilishda gaplashmoqda.
Foto: Ludovik Marin/AFP/Getty Images

AQSH prezidenti Donald Tramp jamoasidagi katta mojarolardan biri yuz berdi. The Atlantic bosh muharriri Jeffri Goldberg maxfiy Signal guruhiga “bexosdan” qo‘shilib, AQSH hukumatida muhokama qilinayotgan maxfiy ma’lumotlarga guvoh bo‘ldi.

Maxfiy guruhga nima uchun jurnalist qo‘shilib qoldi?

Signal messenjeridagi maxfiy chat havolasini Goldbergga AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts yuborgan. Jurnalist buni shaxsiy xabar deb o‘ylab, guruhga qo‘shilgan va o‘sha yerda Yamanga hujum qilish masalasi muhokama qilinayotganini ko‘rgan.

Chatda vitse-prezident JD Vens, davlat kotibi Marko Rubio, mudofaa vaziri Pit Xegset va boshqa yuqori martabali amaldorlar ishtirok etgan.

Chatda qanday muhokamalar bo‘lgan?

Jurnalistning ta’kidlashicha, chatda Yamanga zarba berish rejalari, hujum uchun belgilangan nishonlar koordinatalari va AQSHning iqtisodiy manfaatlari muhokama qilingan.

Vitse-prezident JD Vens Oq uyning bu qaroriga shubha bilan qaragan va “Yevropani yana qutqarishdan nafratlanishini” aytgan.

SM profili (taxminlarga ko‘ra, Stiven Miller) esa Tramp bu hujum uchun “yashil chiroq” yoqqanini, ammo buning evaziga iqtisodiy foyda olish kerakligini ta’kidlagan.

Mudofaa vaziri Pit Xegset hujumning aniq detallarini ochiqlagan va oradan ko‘p o‘tmay, husiylar pozitsiyalari haqiqatdan ham nishonga olina boshlagan.

Jurnalist boshida buni prank deb o‘ylagan, biroq hujumlar amalga oshirilganidan so‘ng guruh ishtirokchilari bir-birini tabriklagan.

Goldbergning guruhni tark etishi va rasmiy munosabatlar

Goldberg bu holatdan keyin guruhni o‘z ixtiyori bilan tark etib, Oq uy va Pentagonga rasmiy so‘rov yuborgan.

Milliy xavfsizlik kengashi guruh haqiqatan ham mavjudligini tasdiqladi.

Pentagon rahbari Pit Xegset esa hech qanday harbiy ma’lumot oshkor qilinmaganini aytdi va jurnalistni “yolg‘onchi” deb atadi.

Donald Tramp bu haqda hech narsa bilmasligini aytgan va The Atlantic jurnali tez orada yopilishini ta’kidlagan.

Maslahatchi Maykl Uolts iste’foga chiqariladimi?

Politico nashriga ko‘ra, bu voqea sabab Maykl Uolts ishdan bo‘shatilishi mumkin. Tramp jamoasidagi kamida ikki amaldor uning iste’foga chiqishi kerak deb hisoblamoqda.

Oq uydagi bu mojaro AQSH hukumatining xavfsizlik standartlariga qanday ta’sir qilishi va qanday choralar ko‘rilishi hozircha noma’lum. Ammo bu voqea Vashingtonda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo