14 yoshli o‘smirning jigaridagi exinokokk kistasi yorilib ketdi

Qozog‘istonning Aqtau shahrida uyida o‘ynab yurgan 14 yoshli o‘smir jarohatdan keyin og‘ir ahvolda shifoxonaga olib kelindi. Qorin sohasiga tekkan zarba oqibatida uning jigaridagi exinokokk kistasi yorilib, peritonit rivojlangan. Bu haqda Lada.kz nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uyda o‘yin paytida bolaning qorin o‘ng yuqori qismiga zarba tekkan. Shundan so‘ng uning qorni og‘riy boshlagan, ikki marta qusgan. Shuningdek, o‘smirda kuchli teri qichishishi kuzatilgan.
Viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, bola tez yordam mashinasida tibbiyot muassasasiga olib kelingan. Qorin bo‘shlig‘i kompyuter tomografiyasi tekshiruvida jigarning VII–VIII segmentlarida yirik kista borligi va uning xitin qobig‘i yorilgani aniqlangan. Shundan so‘ng bemor zudlik bilan shifoxonaga yotqizilib, operatsiyaga tayyorlangan.
Jarrohlar operatsiya vaqtida exinokokk kistasi yorilgani va buning oqibatida peritonit — qorin pardasining yallig‘lanishi rivojlanganini aniqlagan. Laparoskopik usulda o‘tkazilgan operatsiya davomida kistadagi suyuqlik va uning xitin qobig‘i olib tashlangan, qolgan bo‘shliq ishlovdan o‘tkazilib, drenaj naychalari o‘rnatilgan.
Operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangan. Undan so‘ng o‘smir anesteziologiya, reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limiga o‘tkazilgan.
29 noyabr holatiga ko‘ra, bola hali ham reanimatsiyada davolanmoqda. Operatsiyadan keyingi holati og‘ir deb baholangan bo‘lsa-da, barqarorligi saqlanib turibdi. Uning hushi joyida va zarur davolash muolajalarini olmoqda.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…