date

Putin bola o‘limi bo‘yicha Rahmonga hamdardlik bildirdi (video)

Putin bola o‘limi bo‘yicha Rahmonga hamdardlik bildirdi (video)

MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy sammiti doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tojikiston rahbari Imomali Rahmon bilan alohida uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv avvalida Putin Moskva yaqinidagi maktabda sodir etilgan fojia — 10 yoshli Qobiljon Aliyevning halok bo‘lishi munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.

Rossiya rahbari mazkur hodisani insonni larzaga soluvchi, mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan jinoyat sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, bolalarga qarshi sodir etilgan har qanday zo‘ravonlik jamiyat uchun o‘ta xavfli bo‘lib, ayniqsa, terakt yoki qasddan qilingan hujum shaklida bo‘lsa, bu holat umuman aqlga sig‘maydi.

«Ikki tomonlama uchrashuvimizni sizga va bir necha kun oldin halok bo‘lgan tojikistonlik bolaning yaqinlariga samimiy hamdardlik so‘zlari bilan boshlamoqchiman. Bolalarga nisbatan bunday jinoyat sodir etilishi — jirkanch va kechirilmas holat. Tergov to‘liq olib boriladi va aybdorlar qonun oldida javob beradi», — deya Putinning so‘zlarini keltiradi Kreml matbuot xizmati.

Rossiya prezidenti ushbu voqea shaxsan o‘ziga ham qattiq ta’sir qilganini ta’kidlab, halok bo‘lgan bolaning oila a’zolariga chuqur hamdardligini aytib Imomali Rahmondan uni yetkazib qo‘yishni so‘radi. Uning aytishicha, bolalarga qarshi qilingan zo‘ravonlik jinoyatlari har qanday holatda ham insoniylik chegarasidan chiqib ketadi.

Eslatib o‘tamiz, 16-dekabr kuni Moskva viloyati Odinsovo tumaniga qarashli Gorki-2 posyolkasidagi maktabda dahshatli hodisa ro‘y bergan edi. To‘qqizinchi sinf o‘quvchisi Timofey K. pichoq bilan ta’lim muassasasiga kirib, o‘quvchilarga hujum uyushtirgan. Hodisa oqibatida maktab qo‘riqchisi jarohat olgan, 10 yoshli Qobiljon Aliyev esa halok bo‘lgan.

Tergov materiallariga ko‘ra, gumonlanuvchi hujum vaqtida o‘quvchilardan ularning millati haqida so‘ragan, shuningdek, uning kiyimida ommaviy qotilliklarga ishora qiluvchi yozuvlar bo‘lgan. Hozirda u qotillik va suiqasd moddalari bo‘yicha ayblanib, sud qarori bilan ikki oy muddatga qamoqqa olingan.

Mazkur fojia jamiyatda katta rezonans uyg‘otib, bolalar xavfsizligi masalasini yanada jiddiy kun tartibiga chiqardi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Putin bola o‘limi bo‘yicha Rahmonga hamdardlik bildirdi (video)