date

Kabutarlarning “GPS” tizimi qayerda joylashgani ma’lum bo‘ldi

Yashil butalar fonida inson qo‘lidan uchib ketayotgan kulrang kaptar.

Kabutarlarning ming kilometrlab masofadan ham o‘z manzilini aniq topib qaytishi uzoq yillardan buyon olimlarni qiziqtirib keladi. Endi esa tadqiqotchilar bu noyob qobiliyat ortida kutilmagan mexanizm yashiringanini aniqlashdi.

Germaniyadagi Bonn universiteti hamda Maks Plank hayvonlar xulq-atvori instituti olimlari tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqot kabutarlarning navigatsiya siri ularning jigari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Ilmiy ish nufuzli Science jurnalida e’lon qilingan.

Tadqiqot davomida mutaxassislar kabutarlar jigarida kuchli magnit xususiyatiga ega bo‘lgan maxsus immun hujayralarni aniqladi. Ushbu hujayralar temir moddasini to‘plashi sababli Yerning magnit maydonini sezish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.

Olimlar o‘tkazgan tajribalar qiziq natija berdi. Jigaridagi mazkur hujayralar vaqtincha kamaytirilgan kabutarlar bulutli havoda yo‘nalishni topishda qiynalgan. Biroq quyoshli kunlarda ular deyarli muammosiz parvoz qilishda davom etgan.

Mutaxassislar fikricha, kabutarlar yo‘l topishda bir vaqtning o‘zida bir nechta usuldan foydalanadi. Quyosh nuri va tashqi belgilardan tashqari, Yerning magnit maydoni ham muhim ahamiyatga ega. Ana shu jarayonda jigardagi maxsus hujayralar asosiy rol o‘ynashi mumkin.

Tadqiqot mualliflari bu kashfiyot hayvonlarda magnit sezgirligining avval noma’lum bo‘lgan mexanizmini ochib berganini ta’kidlamoqda.

Qizig‘i shundaki, kabutarlar insoniyat tarixida asrlar davomida ishonchli “xat tashuvchi” sifatida xizmat qilgan. Ular orqali qadimgi davlatlar, harbiy qo‘shinlar va hatto yirik axborot agentliklari muhim xabarlarni tezkor yetkazib turgan.

Yangi kashfiyot esa kabutarlarning bu hayratlanarli qobiliyati ortida qanday tabiiy mexanizmlar yashiringaniga yanada oydinlik kiritdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Kabutarlarning “GPS” tizimi qayerda joylashgani ma’lum bo‘ldi