17 yil parvoz qilgan uchuvchining litsenziyasi soxta chiqdi

Kanadada aviatsiya sohasida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan holat yuzaga keldi. Air Canada aviakompaniyasining sobiq kapitani Jefri Uoll 17 yil davomida talab etiladigan uchuvchilik litsenziyasisiz yuzlab reyslarni amalga oshirganlikda gumon qilinib hibsga olindi. Bu haqda Al Jazeera xabar qildi.
Ontario provinsiyasi Pil mintaqasi politsiyasi ma’lum qilishicha, 59 yoshli Uollga nisbatan to‘rt oylik tergovdan so‘ng firibgarlik va boshqa qator jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Tergov materiallariga ko‘ra, u 2009–2025 yillar davomida soxta uchuvchilik hujjatlaridan foydalanib, 900 dan ortiq ichki va xalqaro reyslarda ishtirok etgan. Politsiya uning Air Canada hamda aviatsiya nazorati organlarini o‘z malakasi haqida chalg‘itganiga oid dalillarni aniqlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, Uoll tijoriy uchuvchi litsenziyasiga ega bo‘lgan, ammo yirik yo‘lovchi samolyotlarini kapitan sifatida boshqarish uchun zarur bo‘lgan eng yuqori darajadagi litsenziyani olmagan.
Sobiq kapitanga firibgarlik, qalbaki hujjatlardan foydalanish va yolg‘on ma’lumot berish bo‘yicha bir nechta ayblovlar ilgari surilgan.
Pil politsiyasi rahbari Nishan Duraiappaning ta’kidlashicha, ushbu holat aviatsiya xavfsizligi va jamoatchilik ishonchiga doir jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda.
Shu bilan birga, Air Canada yo‘lovchilar xavfsizligiga putur yetmaganini ma’lum qildi. Kompaniyaga ko‘ra, barcha uchuvchilar muntazam malaka sinovlaridan o‘tadi va Uoll ham barcha amaliy tekshiruvlarni muvaffaqiyatli topshirgan.
Aviakompaniya mazkur holat ma’lum bo‘lishi bilan uchuvchini darhol parvozlardan chetlatgani va bu haqda Kanada transport idoralariga xabar berganini bildirdi.





























Izohlar 0
…