So‘nayotgan yulduzning so‘nggi lahzalari ilk bor aniq tasvirlandi

NOIRLab astronomlari NGC 1514, ya’ni “Kristal shar tumanligi”ning yangi va aniq tasvirini taqdim etdi. Ushbu kosmik obyekt aslida ikki yulduzdan iborat tizim bo‘lib, ulardan biri hayotining so‘nggi bosqichiga yetib, o‘z tashqi qatlamlarini koinotga sochmoqda. Bu haqda CNN ma’lum qildi.
Natijada yulduz atrofida gaz va changdan iborat ulkan tumanlik hosil bo‘lgan. Bu jarayonda ikkinchi yulduz muhim rol o‘ynab, chiqayotgan moddalarga ta’sir ko‘rsatadi va ularga tartibli, spiralga o‘xshash shakl beradi. Shu sababli tumanlik oddiy bulut emas, balki murakkab geometrik tuzilishga ega noyob kosmik manzaraga aylangan.
Tasvir Gavayidagi Maunakea tog‘ida joylashgan Gemini North teleskopi yordamida Gemini Multi-Object Spectrograph orqali olingan bo‘lib, undagi ranglar ham ilmiy ahamiyatga ega. Qizg‘ish ranglar vodorod gazini, moviy tuslar esa kislorod elementini anglatadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday tumanliklar o‘layotgan yulduzlarning so‘nggi bosqichida paydo bo‘ladi va bu jarayon taxminan 10 ming yil davom etadi. Natijada yulduzdan faqat juda zich yadro — oq mitti qoladi.
Olimlar fikricha, bu kabi obyektlarni kuzatish yulduzlarning hayot aylanishini tushunishda muhim ahamiyatga ega. Yangi tasvir esa koinotning naqadar murakkab va bir vaqtning o‘zida hayratlanarli ekanini yana bir bor namoyish etdi.





























Izohlar 0
…