Italiyada hashamatli villalarda mutlaqo bepul yashash taklif etilmoqda

Italiyada hashamatli villalarda mutlaqo bepul yashash taklif etilmoqda

Italiyaning Toskana viloyatidagi yam-yashil tepaliklar va betakror manzaralar qo‘ynida ijara haqini to‘lamasdan yashashni orzu qilganlar uchun qiziqarli imkoniyat paydo bo‘ldi. Mamlakatda xohlovchilarga hashamatli villalar hamda tarixiy hovlilarda mutlaqo bepul yashash imkoni taqdim etilmoqda. Biroq buning evaziga bitta muhim shart bajarilishi lozim.

Gap ko‘plab mamlakatlarda allaqachon keng tarqalgan house sitting (house sitting), ya’ni uylarga qarab turish tizimi haqida ketmoqda. Uning qoidasi juda sodda: uzoq muddatga safarga ketayotgan uy egalari o‘z mulklarini ishonchli insonlarga topshiradi. Evaziga esa bu odamlar ushbu uylarda ijara to‘lovisiz yashash huquqiga ega bo‘ladi.

Odatda, har bir uy egasi bilan shartlar alohida kelishib olinadi. Ko‘p hollarda ishtirokchilardan uyni ozoda saqlash, bog‘ni parvarish qilish, o‘simliklarni sug‘orish, uy hayvonlariga qarash hamda kundalik ro‘zg‘or ishlarini bajarish talab qilinadi.

Ushbu tizim tarafdorlari buni katta mablag‘ sarflamasdan Italiyaning eng go‘zal hududlaridan birida yashash uchun noyob imkoniyat deb baholamoqda. Shu bilan birga, bu usul so‘nggi yillarda mashhur bo‘lib borayotgan arzon narxdagi eski uylarni sotib olish dasturlaridan ham ancha tejamkor hisoblanadi. Chunki bunday uylar keyinchalik katta mablag‘ talab qiladigan ta’mirlash ishlarini talab etadi.

Biroq mazkur g‘oya hammaning ham ma’qulloviga sazovor bo‘lmadi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘z munosabatlarida bog‘larga qarash, hayvonlarni parvarish qilish va uy ishlarini bajarish amalda maoshsiz to‘liq ish kuniga aylanib qolishi mumkinligini ta’kidlab, e’tiroz bildirishmoqda.

Shuningdek, ko‘pchilik bunday imkoniyat har kimga ham taqdim etilmasligini eslatib o‘tdi. Izohlarda ta’kidlanishicha, yakuniy qaror baribir uy egalari tomonidan qabul qilinadi. Ular o‘z mulklariga ishonib topshirish mumkin bo‘lgan nomzodlarni mustaqil ravishda tanlaydi.

Turli bahs-munozaralarga qaramay, house sitting tizimi chet elda yashab ko‘rishni, yangi muhitni his qilishni va shu bilan birga turar joy uchun mablag‘ sarflamaslikni istagan sayohatchilar orasida tobora ommalashib bormoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar