Ming yil yashiringan sirli shahar junglidan topildi

Ming yil yashiringan sirli shahar junglidan topildi

Meksikaning qalin jungli o‘rmonlari bag‘rida arxeologlar tomonidan Mayya sivilizatsiyasiga tegishli yana bir noyob va sirli shahar kashf etildi. Olimlar hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu shahar ming yildan ortiq vaqt davomida insonlar nazaridan chetda qolib kelgan.

Ma’lum qilinishicha, topilma Kampeche shtatida joylashgan Kalakmul biosfera qo‘riqxonasi hududida sloveniyalik va meksikalik olimlarning qo‘shma tadqiqot ekspeditsiyasi davomida aniqlangan. Yangi arxeologik yodgorlikka yukatek mayyalari tilida “yo‘l yo‘q” ma’nosini anglatuvchi Minanbe nomi berildi. Bu nom shahar joylashgan hududga yetib borish juda mushkul bo‘lgani sababli tanlangan.

Tadqiqotlarga Sloveniya fan va san’at akademiyasi Ilmiy-tadqiqot markazi arxeologi Ivan Shprays rahbarlik qildi. Dala ishlari boshlanishidan avval mutaxassislar hududning LiDAR — lazerli skanerlash texnologiyasi orqali olingan ma’lumotlarini tahlil qilgan. Aynan shu ma’lumotlar qalin o‘rmon qoplami ostida qadimiy sun’iy inshootlar mavjud bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Qazish va o‘rganish ishlari natijasida maydoni taxminan 13 gektarni tashkil etuvchi qadimiy shahar aniqlandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Minanbe milodiy 600–900 yillar oralig‘ida qurilgan. Shahar hududida ko‘plab me’moriy inshootlar, jumladan, Rio-Bek uslubida barpo etilgan 13 metr balandlikdagi piramida, suv ramzlari hamda boshdan judo qilish marosimlari aks etgan tosh releflar saqlanib qolgan.

Arxeologlarning ta’kidlashicha, topilma deyarli shikastlanmagan holatda yetib kelgan. Ko‘plab boshqa Mayya shaharlaridan farqli ravishda, bu yerda talon-toroj yoki noqonuniy qazish izlari aniqlanmagan. Bu esa Minanbening ilmiy va tarixiy ahamiyatini yanada oshirmoqda.

Olimlar fikricha, ushbu shahar o‘z davrida qishloq xo‘jaligiga tayangan yirik iqtisodiy va mintaqaviy markazlardan biri bo‘lgan. Yangi kashfiyot Mayya sivilizatsiyasining haligacha o‘rganilmagan sirlarini ochishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar