Osmondagi dahshat: sayyohlar chiqqan havo shari alangaga o‘raldi

Osmondagi dahshat: sayyohlar chiqqan havo shari alangaga o‘raldi

Braziliya janubidagi Santa-Katarina shtatida sayyohlar bo‘lgan havo shari parvoz vaqtida yonib ketib, yerga qulab tushdi. Dahshatli hodisa oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fojea 21 iyun kuni Praya-Grande shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda havo shari alanga ichida qolgani, undan quyuq tutun ko‘tarilgani hamda yerga qulayotgani aks etgan. Yong‘in vaqtida ikki kishi havo sharidan pastga tushib ketgan.

Santa-Katarina fuqarolik politsiyasi rahbari Ulises Gabrielning ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlardan uch nafari bir-birini quchoqlagan holda hayotdan ko‘z yumgan. U bu manzarani “qalbni larzaga keltiruvchi” deb ta’rifladi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, havo sharida uchuvchi bilan birga jami 21 nafar inson bo‘lgan. Ulardan 13 nafari omon qolgan va turli darajadagi jarohatlar bilan yaqin atrofdagi shifoxonalarga olib borilgan.

Uchuvchining aytishicha, yong‘in to‘satdan havo shari savatining ichida boshlangan. U darhol havo sharini yerga tushirishga uringan va pastlaganda yo‘lovchilarga sakrashni buyurgan. Ammo alanga juda tez tarqalgani sababli, ayrimlar havo sharini tark etishga ulgurmagan.

Parvozni tashkil etgan “Sobrevoar” kompaniyasi uchuvchi katta tajribaga ega ekanini va u yo‘lovchilarni qutqarish uchun barcha zarur choralarni ko‘rganini bildirdi. Hodisadan so‘ng kompaniya o‘z faoliyatini noma’lum muddatga to‘xtatgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar