Yevropa Ittifoqi vazirlar yig‘ilishining eng kichik mehmoni — uch oylik chaqaloq

Yevropa Ittifoqining Luksemburg shahrida o‘tkazilgan iqlim masalalariga bag‘ishlangan vazirlar yig‘ilishi noodatiy voqea bilan yodda qoldi. Unda ilk bor atigi uch oylik chaqaloq rasmiy tadbir ishtirokchisiga aylandi.
Shvetsiyaning iqlim vaziri Romina Purmoxtari yig‘ilishga uch oylik o‘g‘li Adamni ham olib keldi. Vazirning ta’kidlashicha, bu orqali u ota-onalik va davlat xizmatini birgalikda olib borish mumkinligini hamda ota-onalar ish va oila o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lmasligi kerakligini ko‘rsatishni istagan.
Yevropa Ittifoqi Kengashi vakillarining ma’lum qilishicha, bu muassasa tarixida vazirlar darajasidagi yig‘ilishda chaqaloq qatnashgan ilk holat hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Shvetsiyada ota-onalarga jami 16 oylik haq to‘lanadigan ota-onalik ta’tili beriladi. 30 yoshli Romina Purmoxtari esa 2022 yilda vazir etib tayinlanganida mamlakat tarixidagi eng yosh vazir sifatida e’tirof etilgan. U yaqinda ota-onalik ta’tilidan so‘ng yana o‘z xizmat vazifalariga qaytgan.






























Izohlar 0
…