Bir chemodan uch o‘zbekistonlikni o‘limga yetakladi

Bir chemodan uch o‘zbekistonlikni o‘limga yetakladi

Malayziyada bir necha yil avval giyohvandlik moddalari bilan qo‘lga olingan uch nafar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan o‘lim jazosi tayinlangani haqida ma’lumotlar oshkor etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmatining iste’fodagi xodimi O‘ktam Suvonov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida sodir bo‘lgan. Ikki nafar ayol va ularning yana bir tanishi tekshiruv vaqtida yirik miqdordagi sintetik giyohvandlik moddasi — metamfetamin bilan ushlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea ayollardan birining chet ellikka turmushga chiqqan qizi onasiga Malayziyaga bepul sayohat taklif qilganidan keyin boshlangan. Ayol safarga o‘zi bilan qo‘shnisini va yana bir tanishini ham taklif qilgan.

Parvoz oldidan ularga notanish shaxs tomonidan bo‘sh chemodanlar topshirilgan. Manzilga yetib borgach esa ularni hech kim kutib olmagan. Bu holat aeroport xavfsizlik xizmati xodimlarida shubha uyg‘otgan.

Tekshiruv davomida har bir chemodan ichida to‘rt kilogrammdan metamfetamin borligi aniqlangan. Shu tariqa, o‘zlari ham bilmagan holda narkokuryer sifatida jinoyat ishiga jalb qilingan fuqarolar Malayziya qonunchiligiga muvofiq eng og‘ir jazoga hukm qilingan.

O‘ktam Suvonovning aytishicha, u keyinchalik Malayziyaga borib, mahkumalar bilan uchrashgan. Uchrashuv chog‘ida ayollardan biri unga: «Siz, ehtimol, hayotimda ko‘rib turgan so‘nggi vatandoshimsiz», degan so‘zlarni aytgan. Uning ta’kidlashicha, bu gap uning xotirasida muhrlanib qolgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar