Chiqindi deb o‘ylagan kartina millionlab dollarga baholandi

Ispaniyaning Sevilya shahrida yashovchi erkak yo‘l chetidan topib olgan kartinani dastlab oddiy tashlab ketilgan buyum deb o‘ylagan. Biroq keyinchalik u mashhur rassom Xoakin Sorolyaning qimmatbaho asarlaridan biri ekani aniqlangan.
57 yoshli Andres Urtadoning aytishicha, u kartinani yo‘l bo‘yida ko‘rib qolgan va asarning o‘zidan ko‘ra, uning chiroyli ramkasi ko‘proq yoqqani uchun uyiga olib ketgan.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, kartina ko‘p yillardan buyon Sevilyadagi oilalardan biriga tegishli bo‘lgan. Oila uni ta’tilga chiqqanida doimo o‘zi bilan olib yurishni odat qilgan. Navbatdagi sayohatlardan birida ular kartinani avtomobil yukxonasiga joylashtirmoqchi bo‘lgan, biroq shoshilish oqibatida uni devorga suyab qo‘ygancha unutib ketishgan. Asar yo‘qolganini payqashganida esa uni topishning iloji bo‘lmagan.
Kartinaning haqiqiy qiymatini bilmoqchi bo‘lgan Andres Urtado avval sun’iy intellekt yordamida uni tekshirtirgan. Dastur asar uchun juda yuqori baholarni ko‘rsatgach, u bunga aniqlik kiritish maqsadida Madriddagi auksion uylaridan biriga murojaat qilgan. Mutaxassislar tekshiruvi natijasida kartina taniqli ispan rassomi Xoakin Sorolya qalamiga mansub qimmatbaho asar ekani tasdiqlangan.
Kartinaning yo‘qolgani haqida xabar topgan Andres Urtado vaziyatni yashirmay, o‘zi politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan. U asarni yo‘l bo‘yidan topib olganini aytib, uni haqiqiy egalariga topshirishga tayyorligini bildirgan. Oradan ko‘p o‘tmay, qimmatbaho kartina o‘z egalariga qaytarilgan.






























Izohlar 0
…