Toshkentda itlarni kaltaklab o‘ldirgan veterinar sud hukmini eshitdi

Toshkentda itlarni kaltaklab o‘ldirgan veterinar sud hukmini eshitdi

Toshkent shahrida to‘rtta itga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan veterinarga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Sud qaroriga ko‘ra, u 7 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortildi, unga yordam bergan ikki nafar shaxs esa jarima to‘lashga majbur bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 2026 yil 19 iyun kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan mebel sexi omborxonasida sodir bo‘lgan.

Sud hujjatlarida keltirilishicha, veterinar S.S. tanishining qo‘ng‘irog‘idan so‘ng omborxonaga borgan. Uning aytishicha, u yerda quturish (vabo) alomatlari kuzatilgan itlarni og‘riqsiz usulda “uxlatish” so‘ralgan. Veterinar o‘g‘li bilan birga yetib borganida ikki it allaqachon o‘lganini, qolgan itlar esa ularga hujum qilganini bildirgan.

Uning ta’kidlashicha, o‘zlarini himoya qilish maqsadida itlarni tayoq bilan hushsizlantirishga uringan va keyinchalik maxsus dori vositasi orqali og‘riqsiz evtanaziya qilishni rejalashtirgan. Aytishicha, ular hududni tark etgan paytda itlar hali tirik bo‘lgan.

Sudda veterinarning o‘g‘li ham ko‘rsatma berib, otasiga yordam berish uchun borganini, itlar hujum qilganidan keyin o‘zini himoya qilish maqsadida bir necha marta tayoq ishlatganini, hayvonlarni o‘ldirish niyati bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Biroq Ekologiya va hayvonlarni himoya qilish jamiyati vakillari voqea joyida olingan videolarni taqdim etgan. Ularda uch nafar shaxsning itlarni shafqatsiz tarzda kaltaklayotgani aks etgan. Shuningdek, qo‘shni xonadonda yashovchi ayol ham voqeaga guvoh bo‘lganini, erkaklarni to‘xtatishga uringanini, ammo buning samarasi bo‘lmaganini aytgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi S.S.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikda aybdor deb topdi va unga nisbatan 7 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.

Unga yordam bergan ikki nafar shaxs — D.S. va R.A. esa bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida, ya’ni 4 million 120 ming so‘mdan ma’muriy jarimaga tortildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar