Hindistonda 20 kunlik ochlikdan so‘ng faol majburan shifoxonaga olib ketildi

Hindistonda 20 kundan buyon ochlik aksiyasini davom ettirayotgan mashhur jamoat faoli va ta’lim sohasi mutaxassisi Sonam Vangchuk politsiya tomonidan norozilik maydonidan majburan olib ketildi. Bu voqea mamlakatda ta’lim tizimi atrofidagi bahslarni yanada kuchaytirdi.
59 yoshli Vangchuk ta’lim sohasida islohotlar talab qilayotgan Cockroach Janta Party (CJP) harakatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ochlik aksiyasini boshlagan edi. U 20 kun davomida faqat tuz va suv iste’mol qilib, 9 kilogrammdan ortiq vazn yo‘qotgan.
Shanba kuni ertalab politsiya va harbiylashtirilgan kuchlar namoyish maydoniga kirib, uni sahnadan olib chiqdi. Huquq-tartibot xodimlari uni tez yordam mashinasida Dehlidagi Safdarjang shifoxonasiga olib ketgan.
Vangchukning turmush o‘rtog‘i Gitanjali Angmo uning oilasi va shifokorlari roziligisiz hech qanday davolash choralari qo‘llanmasligini talab qildi.
Shifoxona ma’lumotiga ko‘ra, faol uzoq davom etgan ochlik sababli zaiflashgan va yengil darajada suvsizlangan. Biroq uning hayotiy muhim ko‘rsatkichlari barqaror bo‘lib, doimiy nazorat ostida qolmoqda.
Politsiyaning bildirishicha, Vangchuk Dehli oliy sudining qarori, shifokorlar tavsiyasi va uning salomatligi inobatga olingan holda shifoxonaga o‘tkazilgan.
Faol ochlik aksiyasini to‘xtatish haqidagi chaqiriqlarga qaramasdan, 20 iyul kuni parlamentga rejalashtirilgan tinch yurishda ishtirok etishini bildirgan edi.
Vangchuk o‘rniga CJP asoschisi Abhijit Dipke muddatsiz ochlik aksiyasini boshladi. Uning aytishicha, parlamentga yurish rejasi bekor qilinmaydi.
Cockroach Janta Party harakati may oyida Hindistondagi yirik imtihonlarda test savollari tarqalib ketishi va boshqa qonunbuzarliklarga qarshi onlayn tashabbus sifatida tashkil etilgan. Namoyishchilar ta’lim vaziri Dxarmendra Pradxanning iste’fosini talab qilib kelayotgan edi.
Shanba kungi voqealardan keyin harakat talablarni kengaytirib, bosh vazir Narendra Modining ham iste’fosini talab qildi.
Vangchukning majburan olib ketilishi muxolifat siyosatchilari tomonidan keskin tanqid qilinib, «demokratiyaga qarshi harakat» sifatida baholandi. Dehlining sobiq bosh vaziri Arvind Kejrival ham hukumatni namoyishchilar talablarini eshitishga chaqirdi.






























Izohlar 0
…