Daryo bo‘yida turgan bolaga timsoh hujum qildi

Daryo bo‘yida turgan bolaga timsoh hujum qildi

Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida sodir bo‘lgan ayanchli voqeada timsoh 12 yoshli bolaga hujum qilib, uni daryoga tortib ketdi. Bu haqda The Times of India nashri xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, fojia Baxraich tumanidagi Ghaghara daryosi sohilida sodir bo‘lgan. 12 yoshli bola amakisiga sholi maydonida ishlashga yordam berganidan so‘ng, qo‘l-oyog‘ini yuvish maqsadida daryo bo‘yiga borgan. Shu vaqt suvdan chiqqan timsoh unga hujum qilib, daryo ichiga sudrab ketgan.

Guvohlarning aytishicha, hodisa mahalliy vaqt bilan taxminan soat 18:00 atrofida yuz bergan. Bolaning yordam chaqirgan ovozini eshitgan dehqonlar va qishloq aholisi zudlik bilan voqea joyiga yetib kelgan. Ular yirtqichni bolani qo‘yib yuborishga majburlash maqsadida unga tosh va g‘ishtlar otgan.

Biroq timsoh bolani bir necha bor suv yuzasiga chiqarganidan so‘ng yana chuqurlikka tortib ketgan. Qutqarishga bo‘lgan urinishlar samara bermagan.

Shundan keyin o‘nlab mahalliy aholi bambuk ustunlari yordamida qidiruv ishlarini boshlagan. Qariyb besh soatlik izlanishlardan so‘ng, soat 22:00 lar atrofida bolaning jasadi daryodan topilgan.

O‘rmon xizmati vakillarining ma’lum qilishicha, timsoh jasadning bir qismini shikastlagan. Marhum 6-sinf o‘quvchisi bo‘lib, bir necha yil avval ota-onasidan ayrilgani aytilmoqda. Uning bir akasi va ikki singlisi qolgan.

Tuman ma’muriyati hukumatning kompensatsiya dasturi doirasida marhumning oilasiga 4 lakh rupiy, ya’ni 4 800 dollardan ortiq miqdorda moliyaviy yordam ajratilishini ma’lum qildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar