Golf mashinasidagi sayr fojiaga aylandi: 4 sayyoh YTHga uchradi

Tailandda dam olayotgan to‘rt nafar rossiyalik sayyohning hordig‘i kutilmagan yo‘l-transport hodisasi bilan yakunlandi. Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, golf mashinasida sayr qilayotgan guruh a’zolari ehtiyotsizlik oqibatida turli darajadagi tan jarohatlari olgan.
Ma’lum qilinishicha, golf mashinasini boshqarayotgan ayol tezlikni me’yoridan oshirib yuborgan. Burilishlardan birida uning dugonasi muvozanatini yo‘qotib, harakatlanayotgan transport vositasidan yiqilib tushgan va yelka suyagini sindirib olgan.
Voqeani ko‘rgan haydovchi ayol ham mashinani to‘xtatishga ulgurmay, dugonasiga yordam berish maqsadida harakatlanayotgan golf mashinasidan sakrab tushgan. Natijada boshqaruvsiz qolgan transport vositasi yo‘ldan chiqib ketib, daraxtga borib urilgan.
To‘qnashuv oqibatida golf mashinasida qolgan yana ikki nafar sayyoh ham tan jarohati olgan. Jarohatlanganlarning barchasiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Hodisadan so‘ng sayyohlar rejalashtirilgan ta’tilni muddatidan oldin yakunlab, davolanish uchun Rossiyaga qaytishga majbur bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






























Izohlar 0
…