O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya 2 million so‘mdan oshishi kutilmoqda

O‘zbekistonda kelgusi yillarda o‘rtacha pensiya miqdori bosqichma-bosqich oshib, 2029 yilga kelib 2 million so‘mlik marradan o‘tishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2027–2029 yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiya hujjatida ma’lum qilingan.
Hujjatda keltirilgan prognozlarga ko‘ra, hozirda o‘rtacha 1,7 million so‘mni tashkil etayotgan pensiya miqdori 2027 yilda 1,8 million so‘mga, 2028 yilda 1,9 million so‘mga, 2029 yilga borib esa 2,1 million so‘mga yetishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, pensiya oluvchilar soni ham yil sayin ortishi prognoz qilingan. Jumladan, 2026 yilda 4 million 427 ming nafar bo‘lgan ko‘rsatkich 2027 yilda 4 million 592 ming nafarga, 2028 yilda 4 million 760 ming nafarga va 2029 yilda qariyb 4 million 940 ming nafarga yetishi taxmin qilinmoqda.
Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, bu holat Pensiya jamg‘armasi xarajatlarining ham sezilarli oshishiga olib keladi. Xususan, jamg‘arma xarajatlari 2027 yilda 95,7 trillion so‘mni tashkil etishi mumkin. Bu 2026 yilga nisbatan 11 foizga ko‘pdir. 2028 yilda ushbu ko‘rsatkich 106,9 trillion so‘mga, 2029 yilda esa 119,4 trillion so‘mgacha yetishi prognoz qilinmoqda.
Jamg‘arma daromadlari ham o‘sishi kutilmoqda. Unga ko‘ra, 2027 yilda 73,8 trillion so‘m, 2028 yilda 83,3 trillion so‘m va 2029 yilda 96,1 trillion so‘m tushum bo‘lishi taxmin qilingan. Daromadlarning asosiy qismi ijtimoiy soliq hisobiga shakllanadi.
Biroq jamg‘arma xarajatlari daromadlardan yuqori bo‘lib qolayotgani sababli, davlat budjeti hisobidan ajratiladigan transfertlar ham bosqichma-bosqich ko‘paytirilishi rejalashtirilgan. Xususan, 2027 yilda bu maqsad uchun 23 trillion so‘m, 2028 yilda 25 trillion so‘m va 2029 yilda 27 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Fiskal strategiyada ta’kidlanishicha, pensiya tizimidagi xarajatlarning doimiy o‘sishi va daromad bazasining cheklanganligi davlat budjetiga tushayotgan yuklamani oshirmoqda. Shu bois tizimni yanada takomillashtirish maqsadida norasmiy bandlikni qisqartirish, ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlarni bosqichma-bosqich bekor qilish, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni pensiya tizimiga kengroq jalb etish hamda to‘langan ijtimoiy soliq bilan tayinlanadigan pensiya miqdori o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish taklif etilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur o‘zgarishlar amalga oshirilsa, yangi tartib asosida pensiyaga chiqadigan fuqarolarning pensiya miqdori hozirgiga nisbatan o‘rtacha 8 foizga oshishi mumkin.






























Izohlar 0
…