Saudiya aeroporti bir haftada to‘rtinchi bor hujumga uchradi (video)

Saudiya aeroporti bir haftada to‘rtinchi bor hujumga uchradi (video)

Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi Podshoh Xolid xalqaro aeroporti yana hujum nishoniga aylandi. So‘nggi kunlarda takrorlanayotgan hujumlar oqibatida qurbonlar va jarohatlanganlar bor. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 11 oktyabr kunigi hujumda Pokiston fuqarosi halok bo‘lgan, kamida 11 kishi jarohatlangan. Aeroport infratuzilmasiga ham zarar yetgan. Asosan ichki reyslarga xizmat ko‘rsatuvchi 3 va 4-terminallar hududi nishonga olingan, hodisadan keyin u yerda yong‘in chiqqan.

Manbaga ko‘ra, aeroport so‘nggi besh kun ichida to‘rt marta hujumga duch kelgan. U 10 oktyabrdagi raketa hujumidan keyin faoliyatini to‘xtatgan. Avvalgi hujumda 13 kishi halok bo‘lgani va 300 dan ortiq odam jarohatlangani xabar qilingan. Qurbonlar orasida sakkizta davlat fuqarolari bo‘lgan, jabrlanganlar qatorida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi ham borligi aytilgan.

Shuningdek, Saudiya rasmiylari 11 oktyabr kuni Dammam yaqinidagi Podshoh Fahd xalqaro aeroporti hamda Saudi Aramco neft kompaniyasining ikkita obyektiga ham hujum qilinganini ma’lum qilgan. Reuters bilan suhbatlashgan yo‘lovchining aytishicha, aeroportda to‘xtab turgan bir nechta samolyot yaqinidagi uchish-qo‘nish yo‘lagiga snaryad tushib, yong‘in kelib chiqqan.

Hujumlar Yaman husiylari bilan bog‘lanmoqda. Ular avvalroq samolyotlarni Saudiya Arabistoni havo hududini tark etishga chaqirib, qirollikni «harbiy operatsiyalar hududi» deb e’lon qilgan edi.

Voqealar yuzasidan vaziyat rivojlanishi va hujumlar uchun mas’uliyatni kim o‘z zimmasiga olishi hali aniqlashtirilishi kerak.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar