O‘zbekiston Ar-Riyod aeroportiga hujumni keskin qoraladi

O‘zbekiston Ar-Riyod aeroportiga hujumni keskin qoraladi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi Podshoh Xolid xalqaro aeroportiga husiylar tomonidan uyushtirilgan hujumni qat’iy qoraladi. Bu haqda vazirlik 11 oktyabr kuni rasmiy bayonot berdi.

TIV mazkur hujum oqibatida begunoh insonlar halok bo‘lgani va tinch aholi vakillari jarohatlanganidan chuqur qayg‘uda ekanini bildirgan.

Vazirlik halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jabrlanganlarga tezroq va to‘liq sog‘ayib ketishlarini tilagan. Shuningdek, O‘zbekiston Saudiya Arabistonining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlagan.

Bayonotda tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi obyektlariga hujum qilish xalqaro huquqning jiddiy buzilishi ekani qayd etilgan. Bunday harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish zarurligi alohida ta’kidlangan.

O‘zbekiston TIV barcha tomonlarni vazminlikka chaqirib, mintaqadagi keskinlikning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimligini bildirgan. Shu bilan birga, kelishmovchiliklarni xalqaro huquq va BMT Nizomi tamoyillariga muvofiq, muloqot hamda diplomatik yo‘llar orqali hal etishga chaqirgan.

Vazirlik O‘zbekiston Saudiya Arabistoni xalqi va hukumati bilan birdam ekanini bildirib, mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlagan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar