Ispaniyada avtobus 20 metrlik jarlikka quladi, 87 kishi jarohatlandi

Ispaniyaning Barselona shahri yaqinida avtobusning yo‘ldan chiqib ketib, taxminan 20 metr pastlikka qulashi oqibatida kamida 83 kishi jarohatlandi. Keyingi ma’lumotlarga ko‘ra, tibbiy yordam ko‘rsatilganlar soni 87 nafarga yetgan. Bu haqda BB xabar berdi.
Hodisa 25 oktyabr kuni Kataloniya mintaqasidagi Fogars-de-Montklus hududida, tor va burilishlari ko‘p BV-5114 avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtobus yo‘ldan chiqib ketib, taxminan 20 metr pastlikka qulagan.
Dastlabki xabarlarda yetti kishi og‘ir, 18 kishi o‘rtacha og‘irlikda, 58 kishi esa yengil tan jarohatlari olgani aytilgan. Keyingi ma’lumotlarda jarohatlanganlar soni 87 nafarga yetgani qayd etilgan.
Hodisa joyiga 23 ta tez yordam mashinasi va ikkita tibbiy vertolyot yuborilgan. Qutqaruv ishlariga o‘t o‘chiruvchilar, tibbiyot xodimlari, tog‘-qutqaruv bo‘linmalari hamda psixologik yordam guruhlari jalb etilgan.
Kataloniya hukumati sog‘liqni saqlash vaziri Olga Pane qutqaruvchilar hodisa joyi va uning atrofini tekshirib, boshqa jabrlanganlar bor-yo‘qligini aniqlayotganini bildirgan. Hududning murakkab relefi qidiruv-qutqaruv ishlarini qiyinlashtirgan.
Avtobusning yo‘ldan chiqib ketishi sabablari yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda. Dastlabki xabarlarda hodisa oqibatida halok bo‘lganlar haqida ma’lumot berilmagan.






























Izohlar 0
…