Prezident 22 yoshli rejissyorni «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlashini aytdi (video)

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Prezident Shavkat Mirziyoyev kinoijodkorlar bilan uchrashuvda yosh rejissyor Munisa Magametibragimovani «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlashini ma'lum qildi.
- VGIK institutiga maksimal 300 ball bilan grant asosida kirgan Munisa Magametibragimova uchrashuv davomida kino sohasidagi gender stereotiplari va ayol rejissyorlar uchun subsidiya ajratish taklifi haqida so'z yuritdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning kinoijodkorlar bilan uchrashuvida yosh rejissyor Munisa Magametibragimova ham so‘zga chiqdi. U «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlanishini davlat rahbarining o‘zi ma’lum qildi.
Munisa Magametibragimova VGIK — Butunrossiya davlat kinematografiya institutiga 300 balldan 300 ball to‘plab, davlat granti asosida o‘qishga kirgan. Uning qisqa metrajli filmlari xalqaro maydonda ham e’tirof etilgan. Hozirda u tahsil olish bilan birga Bolalar kontentini rivojlantirish markazida faoliyat yuritadi.
Uchrashuvda yosh rejissyor kino sohasidagi gender stereotiplari haqida gapirdi. Uning ta’kidlashicha, o‘qishga hujjat topshirganida rejissyorlik ayollar uchun emas, erkaklar kasbi ekani haqida ko‘p bor eshitgan.
«Siz bu stereotiplarni sindirdingiz, hurmatli Prezident. Bugun biz, yoshlar, jumladan qizlar ham o‘z yurtimizda ta’lim olib, munosib hayot qurishimiz mumkin», — dedi u.
Munisa, shuningdek, ayol rejissyorlar nomidan ular ishlab chiqaradigan kino loyihalari uchun subsidiya ajratishda alohida kvota belgilash taklifini bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat taraqqiyotida ilm-fan va ta’limning, xususan, qizlar ta’limining ahamiyatini ta’kidladi:
«Agar iqtisodiyot bilan bir qatorda ilm-fan va bilimni ham rivojlantirmasak, orqada qolamiz. Bugun oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotganlarning qariyb 60 foizini qizlar tashkil etadi. Dissertatsiya himoya qilganlarning esa 75 foizi — ayollar va qizlar.
Men bu haqda birinchi kundanoq aytib kelaman: bir oilada ilmli qiz bo‘lsa, o‘sha oiladagi muhit o‘zgaradi. U tarbiyalagan farzandlar esa butun millatning o‘zgarishiga hissa qo‘shadi.
Agar rozi bo‘lsangiz, bugun ishxonaga borib, Munisa qizimni “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlash to‘g‘risidagi hujjatga imzo qo‘yaman».
Davlat rahbari yosh rejissyorning tashabbuslarini e’tirof etib, uni «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlash to‘g‘risidagi hujjatni imzolashini aytdi.






























Izohlar 0
…