10:28 / 05.09.2018
4 332

Mourino shartli qamoq jazosiga rozi boʻldi

Mourino shartli qamoq jazosiga rozi boʻldi
“Manchester Yunayted” jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourino “Real”da ishlagan vaqtida soliqlarni toʻlamasligi boʻyicha sud qilindi, u Ispaniya soliq idorasi tomonidan qoʻyilgan ayblarni tan oldi va bir yillik shartli qamoq jazosiga rozi boʻldi. OAV maʼlumotiga koʻra, Mourino Ispaniya gʻaznasiga 3,3 million dollar miqdoridagi mablagʻni toʻlamagan.

Mourinoga nisbatan 2011-2012 yillarda soliqdan qochish boʻyicha ish ochilgan. El Mundo nashri prokuraturaga asoslanib tarqatgan xabariga koʻra, u imij huquqlaridan olgan daromadini Britaniyaning Virginiya orollaridagi offshor kompaniyasi orqali yashirgan. Portugaliyalik mutaxassis 2011 yilda 1,6 million yevro, 2012 yilda 1,7 million yevro miqdorida soliq toʻlamagan. Bu qonunbuzarliklarning har biri uchun u 6 oylik qamoq jazosiga mahkum qilinadi.

Biroq, Ispaniya qonunchiligiga koʻra, 2 yilgacha boʻlgan qamoq jazosi shartli hisoblanadi, shu tufayli, Mourino ozodlikda qoladi.

Bundan tashqari, Mourino bu ish yuzasidan Ispaniya soliq idorasiga 670 ming yevro miqdorida jarima toʻlashga rozi boʻlgan.

Maʼlumot uchun, shu yilning mayida Mourino ushbu ishni yopish uchun Ispaniya gʻaznasiga 800 ming yevro toʻlashga tayyor boʻlgandi.

Portugaliyalik murabbiy “Real”ni 2010 yildan 2013 yilgacha boshqargan. Bu davr mobaynida u “qaymoqranglilar” bilan bir marta Ispaniya chempioni boʻlgan, shuningdek bir martadan Ispaniya Kubogi va Ispaniya Superkubogida gʻalaba qozongan.

Qayd etish kerakki, Mourino Ispaniya soliq qonunchiligi bilan muammoga duch kelgan futbol olamidagi yagona taniqli shaxs emas. Bungacha “Real”ning sobiq futbolchisi, hozirda Turinning “Yuventus” klubi hujumchisi hisoblanadigan Krishtianu Ronaldu ham Ispaniyada soliq toʻlamagani uchun jazolangandi.

Prokuratura maʼlumotiga koʻra, Ronaldu 2011 yildan 2014 yilga qadar boʻlgan muddatda 4,7 million yevro miqdoridagi soliqlarni yashirgan. U soliqlarni yashirish uchun 2010 yilda tuzilgan kompaniyasidan foydalangan.

Avvaliga 33 yoshli futbolchiga 8 yillik qamoq jazosi tahdid qilgandi, ammo Ronalduning vakillari soliq idoralari bilan kelishuvga erishdi va muddat 2 yilga kamaytirildi. 4 jinoyatda ayblangan futbolchi Ispaniya soliq organlariga 19 million yevro toʻlab berdi. Shundan 2 million yevro futbolchiga qaytarib berildi, soliq xizmati bu miqdordagi mablagʻni futbolchi oʻtgan vaqt davomida QQS (qoʻshimcha qiymat soligʻi) sifatida toʻlagani uchun qaytardi.

Ispaniyada soliq muammosiga “Barselona” futbolchisi Lionel Messi va uning otasi Xorxe ham duch kelgan. Ular ikkisi Kataloniya poytaxti sudi tomonidan 2007-09 yillarda 4,1 million yevro miqdoridagi soliqni yashirishda ayblanib, 21 oy muddatga hukm qilingan.

Tergov maʼlumotiga koʻra, Messining otasi oʻgʻli balogʻatga yetmagan vaqtda offshor kompaniya tashkil etgan, uning maqsadi futbolchining reklamalardan keladigan daromadlaridan soliqlarni yashirish boʻlgan. Futbolchining oʻzi esa bundan bexabar boʻlgan.

Lionel Messining aybsizligini otasi tasdiqladi va ishni oʻz moliyaviy maslahatchilari bilan olib borganini maʼlum qildi. Natijada argentinalik futbolchi shartli qamoq jazosi olib, 2010 va 2011 yilda ochilgan ishlar boʻyicha jami 15 million yevroni soliq xizmatiga oʻtkazib berdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Mourino shartli qamoq jazosiga rozi boʻldi