O'zbekistonda kichik hajmli avtomobillar import bojxona bojlari oshdi

O'zbekistonda 2026 yil 1 yanvardan boshlab dvigatel hajmi 1 200 kub santimetrgacha bo'lgan yangi yengil avtomobillar importiga qo'llangan imtiyozli boj stavkalari bekor qilindi. Avtomobil bozorida raqobatni kuchaytirish uchun 2,5 yil avval joriy etilgan preferensiyalar muddati yakunlangani sabab tariflar avvalgi ko'rsatkichlarga qaytdi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Yangi tartibga ko'ra, dvigateli 1 000 kub santimetrgacha bo'lgan mashinalarda boj stavkasi 0 foizdan avtomobil qiymatining 15 foizigacha oshirildi, ustiga har bir kub santimetr uchun 0,4 dollar qo'shimcha undiriladi. Dvigateli 1 200 kub santimetrgacha bo'lgan avtomobillar uchun esa ilgari 5 foiz bo'lgan imtiyoz o'rniga 15 foizlik boj va har bir kub santimetr uchun 0,6 dollar to'lov belgilandi.
Ushbu imtiyozlar 2023 yil iyulidan buyon amal qilib kelgan va ishlab chiqarilganiga bir yildan oshmagan yangi transport vositalariga tatbiq etilgan. Hukumat imtiyozli davrni uzaytirmagani bois yil boshidan kichik hajmli avtomobillarni bojxona rasmiylashtiruvi sezilarli darajada qimmatlashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!