Tether kompaniyasining T3 bo‘linmasi 450 million dollarlik noqonuniy kriptoni muzlatdi

Tether, Tron va TRM Labs kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan T3 Financial Crime Unit (T3 FCU) bo‘linmasi 2024-yilda ish boshlaganidan buyon jinoiy faoliyatga aloqador 450 million dollardan ortiq mablag‘ni muzlatib qo‘yganini ma’lum qildi. Ushbu guruh 23 ta yurisdiksiyadagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan yaqin hamkorlikda giyohvand moddalar savdosi, birjalarga qilingan xakerlik hujumlari, terrorizmni moliyalashtirish va tovlamachilik kabi jinoyatlarga qarshi kurashmoqda. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
T3 FCU asosan Tron blokcheynidagi USDT steyblkoinlari bilan bog‘liq tranzaksiyalarga e’tibor qaratadi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda noqonuniy yo‘l bilan olingan mablag‘larni aniqlash ko‘rsatkichi o‘tgan yilga nisbatan 43,9 foizga oshgan. TRM Labs tahlillariga ko‘ra, 2025-yilda kripto-aktivlar orqali amalga oshirilgan noqonuniy o‘tkazmalar rekord darajadagi 158 milliard dollarni tashkil etgan.
Moliyaviy harakatlar bo‘yicha ishchi guruh (FATF) T3 FCU faoliyatini huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun muhim resurs sifatida baholadi. Shunga qaramay, kripto-jamiyatning ayrim vakillari ushbu markazlashgan muzlatish mexanizmlari blokcheynning ruxsatsiz va erkin tabiatiga putur yetkazishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Tron tarmog‘i o‘zini neytral texnologik provayder deb atab, tranzaksiyalarni bevosita nazorat qila olmasligini, noqonuniy faoliyatni aniqlash va to‘xtatish vazifasi Tether hamda hamkor tashkilotlar zimmasida ekanligini ta’kidladi. Ayni paytda BlockSec xavfsizlik firmasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 30 kun ichida 500 million dollardan ortiq USDT muzlatilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!