Tahlilchilar Bitcoin narxi 60 000 dollargacha tushishini prognoz qilmoqda

Kriptovalyuta bozori tahlilchisi Michaël van de Poppe fikricha, Bitcoin narxi 75 000 va 76 000 dollar oraligʻidagi muhim qoʻllab-quvvatlash zonasini boy berganidan soʻng, 60 000 dollar darajasigacha pasayishi mumkin. Ekspertning taʼkidlashicha, juma kungi korreksiyalar koʻpincha bozorning qayta koʻtarilishi bilan yakunlanadi, biroq hozirda spot narxlardan yuqorida, xususan, 79 000 dollardan baland nuqtada CME fyucherslari boʻshliqlari (gaps) mavjud. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Ushbu prognoz Fed raisi etib tayinlangan Kevin Warsh va uning foiz stavkasi boʻyicha olib boradigan siyosati atrofidagi makroiqtisodiy noaniqliklar fonida yangramoqda. Bitcoin ayiq bozori (bear market) allaqachon yettinchi oyga choʻzildi. Polymarket maʼlumotlariga koʻra, 2026-yilda Bitcoin narxi 55 000 dollargacha tushish ehtimoli 51 foizni, 45 000 dollargacha pasayish ehtimoli esa 31 foizni tashkil etmoqda.
Shunga qaramay, onchain maʼlumotlari Bitcoin narxining 60 000 dollardan pastga tushishi ehtimoli pastligini koʻrsatmoqda, chunki aylanmadagi taklifning 71 foizi uzoq muddatli investorlar qoʻlida saqlanmoqda. Tahlilchi Matthew Hyland fevral oyidagi 60 000 dollarlik past koʻrsatkichdan keyin Bitcoin 90 kun davomida oʻsishni koʻrsatganini, bu esa tarixan buqa bozori (bull market) boshlanishidan darak berishini taʼkidladi.
TradingView maʼlumotlariga koʻra, Bitcoin hozirda oʻzining 365 kunlik va 200 kunlik eksponentsial harakatlanuvchi oʻrtacha koʻrsatkichlaridan (EMA) pastda savdo qilinmoqda. Agar aktiv muhim qoʻllab-quvvatlash darajalarini ushlab qola olmasa, bozor yana bir necha oylik konsolidatsiya davriga kirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!