AI agentlar uchun kriptovalyutaga asoslangan yangi ekotizim shakllandi

Sunʼiy intellekt agentlari tomonidan amalga oshiriladigan toʻlovlar soʻnggi 12 oy ichida nazariy tushunchadan real voqelikka aylandi. Keyrock kripto-investitsiya kompaniyasi hisobotiga koʻra, oʻtgan yilning may oyidan joriy yilning apreliga qadar 176 millionta tranzaksiya orqali jami 73 million USD miqdorida hisob-kitoblar amalga oshirilgan. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Keyrock tadqiqotchisi Ben Harvey Coinbase birjasi va Tempo blokcheyni bilan hamkorlikda tayyorlangan hisobotda taʼkidlashicha, mashinalararo (machine-to-machine) toʻlovlar tizimi jadal rivojlanmoqda. Yirik bozor ishtirokchilari ushbu yangi toʻlov stekida oʻz oʻrnini mustahkamlash uchun aktivlarni sotib olishga 8 milliard USDdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirishgan. Circle bosh direktori Jeremy Allaire kelgusi besh yil ichida milliardlab AI agentlari foydalanuvchilar nomidan stablecoinlar orqali operatsiyalarni bajarishini bashorat qilmoqda.
Joriy yilning birinchi choragi yakuniga koʻra, turli reyestrlarda 104 000 dan ortiq AI agentlari roʻyxatga olingan. Qiziqarli jihati shundaki, oʻrtacha tranzaksiya hajmi bor-yoʻgʻi 31 sentni tashkil etadi. Harveyning soʻzlariga koʻra, anʼanaviy moliya tizimlari bunday kichik toʻlovlar uchun mos emas, chunki Visa kabi tizimlarda komissiya toʻlovi tranzaksiya miqdoriga teng boʻlib qolishi iqtisodiy jihatdan samarasizdir.
AI agentlari nafaqat toʻlovlar, balki Web3 ilovalarini yaratish, tokenlarni ishga tushirish va avtonom savdo qilish uchun ham qoʻllanilmoqda. CoinGecko soʻrovnomasi shuni koʻrsatdiki, kripto foydalanuvchilarning 87 foizi oʻz portfelining kamida 10 foizini boshqarishni sunʼiy intellektga ishonib topshirishga tayyor. Bu esa kripto iqtisodiyotida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi.
Biroq, ushbu tizimda maʼlum xatarlar ham mavjud. AI agentlari tomonidan amalga oshirilgan hisob-kitoblarning 98 foizidan ortigʻi Circle kompaniyasining USDC stablecoiniga toʻgʻri keladi. Mutaxassislar buni "zaif nuqta" deb atashmoqda, chunki butun ekotizim bitta kompaniyaning texnik infratuzilmasi va tartibga soluvchi organlar oldidagi holatiga bogʻliq boʻlib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!