SEC komissari Hester Peirce kripto-maxfiylik vositalarini himoya qildi

AQSH Qimmatli qogʻozlar va birja komissiyasi (SEC) komissari Hester Peirce mamlakat tartibga solish tizimida moliyaviy maxfiylik tobora qadrsizlanib borayotganidan xavotir bildirdi. U maxfiylikni taʼminlovchi texnologiyalarga shubha bilan qarashga qarshi chiqib, ularni zamonaviy moliyaviy infratuzilmaning qonuniy qismi deb atadi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Georgetown Law tadbirida soʻzga chiqqan Peirce kriptografik vositalar faqat jinoiy faoliyat bilan bogʻliq emasligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, moliyaviy maxfiylikni himoya qilish milliy xavfsizlik maqsadlariga zid kelmaydi. Hukumat yomon niyatli shaxslarni jazolash vakolatiga ega boʻlishi muhim, biroq fuqarolar ham oʻz shaxsiy va moliyaviy maʼlumotlarini himoya qilish huquqiga ega boʻlishi lozim.
Komissar maxfiylik texnologiyalari foydalanuvchilarni xakerlar va firibgarlardan himoya qilishga yordam berishini qoʻshimcha qildi. U ishlab chiquvchilarni SECning Crypto Task Force guruhi bilan hamkorlik qilishga, xususan, KYC (mijozni bilish) va AML (pul yuvishga qarshi kurash) talablariga mos keladigan vositalar ustida ishlashga chaqirdi.
Maxfiylik masalasi kripto sanoati va regulyatorlar oʻrtasidagi asosiy bahs nuqtalaridan biri boʻlib qolmoqda. Monero va Zcash kabi loyihalar tranzaksiya maʼlumotlarini yashirishga eʼtibor qaratsa-da, regulyatorlar bu vositalar noqonuniy moliya uchun ishlatilishi mumkinligidan xavotirda. Masalan, Yevropa Ittifoqida 2027-yildan kuchga kiradigan yangi AML qoidalari anonim hisoblar va maxfiylikka yoʻnaltirilgan kriptovalyutalarni taqiqlashi kutilmoqda.
Shunga qaramay, maxfiylikka yoʻnaltirilgan raqamli aktivlarga boʻlgan qiziqish ortib bormoqda. Xususan, soʻnggi bir yil ichida Zcash narxining sezilarli darajada koʻtarilishi ushbu texnologiyalarga boʻlgan talab yuqori ekanligini koʻrsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!