Fransiya AMF regulyatori MiCA litsenziyasi uchun 30-iyunni muddat etib belgiladi

Fransiya Moliyaviy bozorlar boshqarmasi (AMF) mamlakatda litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan kripto kompaniyalarni ogohlantirdi. Unga koʻra, kompaniyalar 30-iyunga qadar tegishli ruxsatnomalarni olishi yoki mamlakat bozorini tark etishi lozim. AMF prezidenti Marie-Anne Barbat-Layani payshanba kuni boʻlib oʻtgan matbuot tadbirida belgilangan muddatgacha litsenziya ololmagan kompaniyalar mijozlarni boshqa platformalarga oʻtkazish va oʻz faoliyatini toʻxtatish boʻyicha aniq rejalarga ega boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Yevropa Ittifoqining Kripto-aktivlar bozori (MiCA) tartibga solish doirasiga muvofiq, kripto xizmat koʻrsatuvchi provayderlar faoliyat yuritish uchun litsenziyaga ega boʻlishlari shart. Mazkur tizimning afzalligi shundaki, kompaniya Yevropa Ittifoqining 27 ta aʼzo davlatidan birida litsenziya olsa, u ushbu hujjat orqali boshqa barcha aʼzo davlatlarda ham erkin xizmat koʻrsatish (passporting) huquqiga ega boʻladi.
MiCA muddatlari yaqinlashgani sayin, Yevropa Ittifoqi davlatlari oʻrtasida litsenziyalash talablari va nazoratni markazlashtirish boʻyicha bahslar kuchaymoqda. Xususan, kripto qoidalarini nazorat qilish vakolatini Parijda joylashgan Yevropa qimmatli qogʻozlar va bozorlar boshqarmasiga (ESMA) topshirish masalasi tanqidlar ostida qolmoqda. Tanqidchilarning fikricha, nazoratning bir joyda toʻplanishi milliy regulyatorlarning vakolatlarini cheklab, litsenziyalarni oʻzaro tan olish jarayoniga xavf tugʻdirishi mumkin.
Malta Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi (MFSA) vakili MiCA tuzilmasini oʻzgartirish hali erta ekanligini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, regulyatorlar 2024-yilda qonuniy kuchga kirgan MiCA taʼsirini baholash uchun vaqtga muhtoj. Shu bilan birga, Yevropa Komissiyasi maslahatchisi Peter Kerstens 2026-yilda kripto sanoati yanada rivojlangach, MiCA qoidalariga yangi talablar qoʻshilishi yoki mavjud qoidalar qayta koʻrib chiqilishi mumkinligini istisno qilmadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!