Sui Foundation tarmoqdagi uzilishlarga sabab boʻlgan xatolarni bartaraf etdi

Sui Network blokcheyn tarmogʻi ortida turgan notijorat tashkilot — Sui Foundation soʻnggi uchta yirik uzilishga sabab boʻlgan muammolarni bartaraf etish uchun "katta yangilanish" amalga oshirilganini eʻlon qildi. Ushbu texnik nosozliklar oqibatida tarmoq ikki kun ichida jami 15 soatdan ortiq vaqt davomida ishlamay qolgan edi. Xususan, payshanba kuni olti soatlik, juma kuni esa sakkiz soatdan ortiq va 43 daqiqalik ikkita alohida uzilish qayd etildi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Sui Foundation yakshanba kungi blogpostida maʻlum qilishicha, validatorlar gaz toʻlovlari va tasodifiylik holati (randomness-state) bilan bogʻliq xatolarni toʻliq tuzatgan va tarmoq faoliyati qayta tiklangan. Tashkilotning taʻkidlashicha, uzilishlar vaqtida foydalanuvchilarning mablagʻlari xavf ostida qolmagan va tizim ishga tushgach, hech qanday tranzaksiya bekor qilinmagan. Shuningdek, tashxis qoʻyish va metrikalarni yigʻishda sunʻiy intellekt agentlaridan foydalanilgani qayd etildi.
DefiLlama maʻlumotlariga koʻra, Sui blokcheyni bloklangan umumiy qiymat (TVL) boʻyicha 519 million dollar bilan dunyoda 13-oʻrinni egallaydi. Oxirgi muammolar 1.72 dasturiy taʻminot versiyasidagi "crash bugs" tufayli yuzaga kelgan. Ushbu xato gaz toʻlovlarini hisoblashda manfiy balans hosil qilib, tizimning ishdan chiqishiga olib kelgan. Yanvar oyida ham tarmoqda olti soatlik uzilish kuzatilgan edi.
Ushbu texnik muammolar fonida Sui (SUI) tokeni narxi pasayishni boshladi. CoinGecko maʻlumotlariga koʻra, payshanba kuni 99 sent atrofida boʻlgan aktiv qiymati dushanba kuniga kelib qariyb 11 foizga arzonlashdi va 88 sentni tashkil etdi. Vaholanki, may oyi boshida Nasdaq birjasida roʻyxatdan oʻtgan kompaniyaning yirik investitsiyasi ortidan token narxi 1.41 dollargacha koʻtarilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!