O‘zbekiston biznesini qiynayotgan uchta asosiy to‘siq ma’lum qilindi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov mamlakat tadbirkorlari eng ko‘p duch kelayotgan muammolarni ma’lum qildi. Palataga kelib tushgan murojaatlar tahliliga ko‘ra, shikoyatlarning asosiy qismi moliya, yer-kadastr va soliq masalalariga to‘g‘ri kelmoqda.
Birinchi muammo kredit olish bilan bog‘liq. Tadbirkorlarda moliyaviy mablag‘ga talab yuqori, ammo banklarning tekshiruv va baholash talablari ko‘p hollarda biznes uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shu sabab Prezident belgilagan imtiyozli garov tartibiga o‘tish tavsiya qilingan.
Ikkinchi yo‘nalish yer va kadastr masalalaridir. Tadbirkorlar auksion orqali yer uchastkalari olishda, shuningdek, chorvachilik sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda turli to‘siqlarga duch kelmoqda.
Uchinchi asosiy muammo soliq tizimi bilan bog‘liq. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish jarayonida reyting tizimining qat’iy mezonlari tadbirkorlar uchun qo‘shimcha qiyinchilik yaratayotgani aytildi.
Savdo-sanoat palatasi ushbu jarayonlarni soddalashtirish va tadbirkorlik muhitini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.



























Izohlar 0
…