12:53 / 22.05.2022
1 861

Buxoroda maktab direktori o‘quvchi qizni kaltakladi

Buxoroda maktab direktori o‘quvchi qizni kaltakladi
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro tumanidagi 26-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi maktab direktori tomonidan kaltaklangani aytilgan xabarlar tarqaldi. Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati holatga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, hodisaga aniqlik kiritish maqsadida viloyat XTB mas’ullari tomonidan ishchi guruh tuzilib, tegishli tashkilotlar va huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganishlar jarayonida 8-sinfda tahsil olayotgan o‘quvchi qiz maktabning «Odob-axloq qoidalari»ga rioya qilmagani sababli maktab direktori uni jazolash maqsadida kaltaklagani aniqlangan.

«O‘z vazifasini bajarishda qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘ygan, o‘quvchiga nisbatan kuch ishlatishga uringan maktab direktorining xatti-harakatlari yuzasidan IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mazkur holat bo‘yicha tegishli qonuniy choralarni ko‘radi», — deyiladi xabarda.

Bundan avval Andijonda o‘qituvchisini haqorat qilgan o‘quvchi kaltaklangani, Jizzaxda o‘quvchi qizlar boshqa bir qizni «samosud» qilgani, Sirdaryoda o‘qituvchi va maktab direktori o‘rinbosarini kaltaklagan shaxslarga 3 sutka qamoq jazosi tayinlangani xabar qilingandi.

Surxondaryo viloyatida yuz bergan holat

May oyi o‘rtalarida ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanidagi 4-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchi o‘quvchini ayovsiz kaltaklayotgani ko‘ringan video tarqaldi. «Daryo» so‘roviga javoban mazkur holatni izohlagan Surxondaryo viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati zo‘ravon o‘qituvchi va maktab direktori tuman IIBga olib ketilganini ma’lum qildi. So‘ngra holatga Bosh prokuratura e’tibor qaratib, holat o‘rganilayotganini, holatga huquqiy baho berilishini, vaziyat viloyat prokuraturasi nazoratida ekanini bildirdi.

Keyinroq esa zo‘ravon ingliz tili o‘qituvchisi bilan birgalikda maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari ham ishdan olingani xabar berildi. Xalq ta’limi vazirligi esa o‘qituvchining o‘quvchilarni kaltaklashini keskin qoralab munosabat bildirdi.

«Daryo»ga o‘rganish xulosalari haqida ma’lumot bergan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi kaltaklangan o‘quvchi voqeasi ortidan direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, shuningdek, o‘quvchining sinf rahbari ham ishdan olinganini, maktab direktori bo‘shash haqida ariza yozganini ma’lum qildi.

Oliy Majlis deputati, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi, yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya a’zosi Shahnoza Xolmahamatova surxondaryolik zo‘ravon o‘qituvchi borasida fikr bildirib, uni o‘qituvchilik qilish huquqidan mahrum qilishni taklif etdi. «Mushtumzo‘r o‘qituvchilar bilan uzoqqa bora olmaymiz», — degan u.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxoroda maktab direktori o‘quvchi qizni kaltakladi