
Kadr: Videodan skrin
Jizzax viloyati Paxtakor tumani Paxtakor qishlogʻidagi toʻyxonada noqonuniy tungi klub faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, bundan avval ijtimoiy tarmoqlarda «Tojmahal» toʻyxonasining ikkinchi qavatida bir necha kungina faoliyat yuritgan tungi klubning videosi tarqalgan. Videolavhada ochiq kiyingan ayollarning jazavali raqsi aks etgan. IIB xodimlari esa holat boʻyicha tekshiruv ishlari olib borgan.
Tekshiruv davomida klub jamoasining ayrim a'zolari va mast mijozlar mayda bezorilik sodir etib, xodimlarning qonuniy talablarini bajarmagan. Holat yuzasidan 11 ta ma'muriy huquqbuzarlik holati aniqlanib, bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Aniqlanishicha, ushbu tungi klub faoliyati uchun qonuniy asoslar mavjud emas. Klub tashkilotchisi va toʻyxona egasi oʻrtasida tuzilgan ijara shartnomasi ham noqonuniy boʻlgan.
Klubda Toshkent shahrining Sergeli va Mirzo Ulugʻbek tumanlarida yashovchi 2002, 2003 yillarda tugʻilgan qizlar raqqosalik qilgan.
«Musiqa boʻlgan payt oʻynagandik, lekin bunaqa boʻlib ketadi deb oʻylamagandik». «Oʻyinchilik qilgani emas, aylanishga kelgandik. Bizni shunaqa qiz deb oʻylashdi. Qora shim, oq koʻylakda oʻynaganmiz, bu ochiq kiyim emas», — deydi qizlar.
Norasmiy tungi klub egasi va unda qoʻriqchi boʻlib ishlaydigan shaxs raqqosalarning gapi notoʻgʻri ekanini aytgan.
«Qizlarni ikki marta alishtirdik. Avvalgilari ochiq-sochiq kiyingani uchun boshqa uch nafar qiz olib keldik», — degan ulardan biri.
Tungi klub boshligʻining aytishicha, klub faoliyatini qonuniylashtirish boʻyicha hujjatlar tayyorlanayotgan boʻlgan. Hali jarayon yakunlanmasidan reyd tadbirlarida aniqlangan.
Tungi klubda IIB xodimlari talabiga boʻysunmagan mast yigitlardan biriga sud hukmi oʻqildi. U besh kun muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
«Tez orada voqeaga aloqador boshqa qonunbuzarlarga ham sud tegishli jazoni tayinlaydi», — deyiladi xabarda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar