22:30 / 20.08.2022
3 914

Xiva xonligida sodir etilgan va ochilmagan jinoyat tafsilotlari

Xiva xonligida sodir etilgan va ochilmagan jinoyat tafsilotlari
Qariyb 110 yil oldin Xiva xonligining bosh vaziri Said Islomxo‘ja o‘ldirildi. Ammo davlatning eng nufuzli amaldoriga qarshi uyushtirilgan suiqasd tergovi juda sust olib borildi. Qotillar topilmadi va jinoyat rasman ochilmaganicha qolmoqda. Ushbu maqolada voqealar rivojini tiklashga, Xiva saroyining yashirin burchaklariga nazar solishga, qotillik tashkilotchilari, ijrochilari haqidagi ma’lumotlarni jamlashga urinib ko‘ramiz.

Said Islomxo‘ja (Xudoybergan Devonov fotosurati, 1910 yil)
Birinchi jahon urushi arafasida Rossiya imperiyasi hukmronligi ostida bo‘lgan Xiva xonligida siyosiy hayotni izdan chiqargan 2 ta favqulodda voqea yuz berdi.

Ulardan birinchisi (1911-1912) «devonbegilar» nomi bilan mashhur bo‘lgan bir guruh nufuzli amaldorlarning hibsga olinishi va uzoq muddat davomida xonning g‘azabi ostida yashashi bilan bog‘liq edi.

Ikkinchisi – 1913 yil avgust oyida bosh vazir va xonlikning ma’muriy-moliyaviy tizimida rejalashtirilgan islohotlarning bosh ijrochisi Said Islomxo‘janing qonli o‘ldirilishi bo‘ldi. Ushbu jinoyat rasman ochilmaganligicha qolmoqda.

Ikkala voqea ham ko‘plab mish-mishlar, taxminlarga sabab bo‘lgan va tarixchilar e’tiborini tortib kelgan. Ushbu maqolada turli manbalarga tayangan holda voqealar rivojini tiklashga, Xiva saroyining yashirin burchaklariga nazar solishga, bosh qahramonlar va ularning harakatlari sabablarini aniqlashga urinib ko‘ramiz.

«Rus askarlari Amudaryo qirg‘oqlarida» - Nikolay Karazin asari (runivers.ru)
Xiva ustidan Rossiya hukmronligining o‘rnatilishi

1873 yil mart oyida Rossiya imperiyasi tomonidan Xiva xonligiga qarshi harbiy yurish boshlandi. Bunga general fon Kaufmanning qo‘mondonligi ostida 12300 askar jalb qilindi. Rus qo‘shinlari Xivaga to‘rt tomondan — Toshkent, Kazalinsk, Orenburg va Kaspiy dengizining ikki portidan (Krasnovodsk va Mang‘ishloq) yurish qildilar. 1873 yil 29 may kuni ular xonlikning deyarli barcha asosiy strategik nuqtalarini bosib olib, Xivaga kirib borishdi. Bir necha kun oldin Xivadan qochgan xon Muhammad Rahim II saroyga qaytarildi va Rossiya hukumati tomonidan xonlikning oliy hukmdori sifatida tasdiqlandi. U o‘zini «Butunrossiya imperatorining kamtarin xizmatkori» sifatida tan oldi.

Keyingi haftalarda rus hokimiyati bosib olingan hududlarda ma’muriy-boshqaruv tizimini tashkil etish choralarini ko‘rdi. Jumladan, 1873 yil 12 iyunda xon «Xiva xonligida quldorlikni tugatish» to‘g‘risidagi manifestni imzoladi. Shuningdek, saroyda Muhammad Murod (Matmurod) devonbegi rahbarligidagi nufuzli aksilrossiya guruhi yo‘q qilindi. U o‘z safdoshi Rahmatulla Yasovulboshi bilan birga oldin Kazalinskka, keyinchalik Kaluga viloyatiga surgun qilindi.

1873 yil 12 avgustda Xiva xonligi va Rossiya imperiyasi o‘rtasida «Gandimiyon» deb nomlangan tinchlik bitimi imzolandi. Hujjatga ko‘ra, Xiva xoni rus hukumatining ruxsatisiz qo‘shni davlatlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va do‘stona aloqalar o‘rnatish, har qanday savdo va boshqa shartnomalar tuzish huquqidan voz kechdi.

Rus qo‘mondonligi Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida, xonlik poytaxtidan 40 km uzoqlikda Petro-Aleksandrovsk qal’asini (hozirgi To‘rtko‘l) qurish ishlarini boshladi. Qal’ani qurishdan maqsad - «Xivani tiyib turish va ta’sir ostida qoldirish, unda sodir bo‘layotgan voqealarni doimiy kuzatib borish va ulardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lish» edi.

Xiva saroyidagi siyosiy kuchlar

Muhammad Rahimxon II (1865—1910) hukmronligining oxiriga kelib, Xiva saroyida ikkita nufuzli siyosiy guruh shakllandi. Ulardan birinchisiga Matmurod devonbegining o‘g‘illari boshchilik qilardi. 1880 yilda sobiq devonbegi Kaluga surgunidan qaytgan va shu zahotiyoq amaliga tiklangan. Matmurod devonbegi to o‘zining o‘limiga (1901 yil) qadar xonlikka norasmiy rahbarlik qilib kelgan. Uning vafotidan keyin devonbegilik lavozimini meros qilib olgan o‘g‘illari – Muhammad Husaynbek, shuningdek, xonning yaqin odamlari qatoriga kirgan Shayx Nazarboy va Omonkeldiboy o‘z qo‘llarida siyosiy hokimiyatni ushlab turishda davom etdilar.

Ikkinchi guruhning yetakchisi Said Islomxo‘ja hisoblanardi. 1908 yilga kelib u xonlikning eng nufuzli shaxslaridan biriga aylandi – uning vakolatiga moliyaviy boshqaruv masalalari kirgan.

Muhammad Rahimxon II keksayib borayotgan bo‘lsa-da, qattiqqo‘llik bilan har ikkala guruhning o‘zaro da’vo-ishtiyoqlarini jilovlay olgan va xonlikdagi siyosiy vaziyatning izdan chiqishiga yo‘l qo‘ymagan.

Islomxo‘ja nufuzining oshishi

1910 yil 16 avgustda Muhammad Rahimxon II vafot etgach, Rossiya hukumati roziligi bilan uning o‘g‘li Asfandiyor taxtga o‘tirdi.

«Qat’iyatsiz» deb nom qoldirgan xon davrida saroy elitalari o‘rtasidagi qarama-qarshilik yanada kuchaydi. Ular yosh hukmdor ustidan ta’sir o‘tkazish uchun kurasha boshladilar.

Yangi xonning taxtga o‘tirishi rus ma’muriyatining xonlikni ma’muriy va moliyaviy tizimida islohotlar o‘tkazish haqidagi qat’iy talablari bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Islohotlar mansabdor shaxslarning vakolatlari aniqroq belgilanishi, ularning g‘aznadan qat’iy belgilangan maosh olishi, barcha yerlar kadastrdan o‘tkazilishi va ularning soliqqa tortish tizimini tashkil qilish, shuningdek, boshqa choralarni nazarda tutardi.

Rus ma’muriyati ushbu vazifalarni amalga oshirishda islohotchi va mo‘’tadil liberallashtirish tarafdori sifatida tanilgan 38 yoshli bosh vazir (vaziri akbar) Said Islomxo‘ja xizmatiga tayanadigan bo‘ldi. Natijada, uning xonga nisbatan mavqeyi va ta’siri yanada kuchaydi, amalda xonlikning eng qudratli mulozimiga aylandi.

Said Islomxo‘ja asosiy ma’muriy va moliyaviy ishlarni nazorat qila boshladi, rus ma’muriyati bilan rasmiy aloqalarni boshqardi. Uning tavsiyasi bilan mansabdor shaxslar asosiy lavozimlarga tayinlanardi. Har qanday masala yechimiga erishish uchun vaziri akbardan yordam so‘rash zarur edi. Said Islomxo‘ja uyida muhim davlat masalalari muhokama qilinadigan muqobil yoki «kichik» saroyga o‘xshash maskan shakllandi. U yerga nafaqat amaldorlar, balki xon ayonlari ham an’anaviy «salom»ga kela boshladilar.

Biroq xon endi qo‘g‘irchoq hukmdor roli bilan kifoyalanishni istamasdi. U yaqin safdoshlari, ayniqsa, marhum xon davrida mansabga ko‘tarilgan odamlar o‘rtasidagi ziddiyatdan foydalanib qolishga harakat qildi. Va oxir-oqibatda buni uddaladi.

Asfandiyorxon Sankt-Peterburgda (Sergey Mixaylovich Prokudin-Gorskiy fotosurati, 1913 yil. Wikipedia)
«Devonbegilar»ning hibsga olinishi

Qarama-qarshilikning birinchi bosqichi 1911 yilda, Matmurod devonbegining uch o‘g‘li hibsga olinishi bilan boshlandi. Ularga hukumat va xon islohotlariga qarshi reja tuzganlik haqidagi ayblovlar qo‘yildi. Hokimiyatdan chetlatilib, mol-mulklari musodara qilindi.

Polyozhoji Yusupov «Yosh xivaliklar tarixi» kitobida fitna tafsilotlarini keltiradi.

«Xon ulug‘ amaldorlarni chaqirib, Islomxo‘ja haqidagi shubhalarini aytdi. Xonning niyatidan bexabar bo‘lganlar Islomxo‘jadan norozi ekanini ochiq bildira boshladilar. Xon barcha da’volarni eshitib, Islomxo‘jaga qarshi jamoaviy e’tiroz bayonotini yozishni taklif qildi. Bayonot yozilgach, uni Islomxo‘jaga ko‘rsatdi. Ushbu fitna bilan xon amaldorlar o‘rtasidagi dushmanlikni kuchaytirish, otasiga xizmat qilgan ulug‘lar o‘rtasiga nifoq solish, ularning obro‘si va ta’siriga putur yetkazishni maqsad qilgan edi».

«Devonbegilar»ning hibsga olinishi rus ma’muriyatining xabarisiz sodir bo‘lgan va albatta bu ish ularni tashvishga solgan. Toshkent va Petro-Aleksandrovskda bayonotni imzolaganlikda ayblanayotgan to‘qqiz nafar nufuzli shaxsdan faqat to‘rt nafari hibsga olingani va mulki musodara qilingani e’tibordan chetda qolmagan. Rus ma’muriyati Matmurod devonbegi o‘g‘illarining aybi to‘liq isbotlanmaganini ichki yozishmalarda bayon qilgan.

Said Islomxo‘janing Qibla Toza bog‘ qarorgohi (Turizm va madaniy meros vazirligi)
«Said Islomxo‘janing mustabid hokimiyati barham topdi...»

Mustamlakachi amaldorlarning bashoratlaridan farqli o‘laroq, «devonbegi»larning hibsga olinishi Said Islomxo‘ja mavqeyini mustahkamlashga yordam bermadi. Aksincha, bu voqeadan nufuzli mulozimning muxoliflari uni xonlik aholisi orasida va rus ma’muriyati oldida obro‘sizlantirish uchun ko‘proq foydalandilar.

1912 yil 6 noyabr kuni Xivada Qurbon hayiti nishonlandi. Xon an’anaga ko‘ra, Nurullaboy saroyidagi qarorgohidan tantanali ravishda chiqishi kerak edi. Unga «salom berish» tadbiriga uy qamog‘ida bo‘lgan «devonbegilar» ham kiritildi va bu kutilmagan holat bo‘ldi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, «xon egilib turgan «devonbegilar»ga nazar solgan va soqolini silagan». Bu esa salom qabul qilingani va xon g‘azabdan tushganini anglatar edi. Buni to‘plangan mulozimlarning barchasi payqagan.

Xuddi shu vaqtda olomon orasidan bir kampir chiqib, baland ovozda Said Islomxo‘jani qarg‘ay boshlaydi, «mehribon» xon nomini esa ulug‘lab, duo qiladi. Kampirning bu ishi va «Said Islomxo‘janing mustabid hokimiyati barham topdi...» degan so‘zlari olomonda katta taassurot qoldiradi.

Albatta, «g‘azab ostidagi» sobiq amaldorlarning tantanali tadbirga kiritilishi, shuningdek, «kampir»ning bosh vazirni qattiq qarg‘ashi xonning roziligisiz sodir bo‘lishi mumkin emasdi. «La’nat» hodisasi saroyda kuchlar muvozanatining o‘zgarganini va bosh vazir hokimiyati zaiflasha boshlaganini anglatar edi.

1912 yil 8 dekabrda, o‘n besh oylik «chetlatishdan» keyin «devonbegilar» avf etildi va avvalgi lavozimlariga tiklandi. Bu nafaqat Said Islomxo‘ja va rus ma’muriyati uchun, balki saroy ayonlari uchun ham mutlaqo kutilmagan voqea bo‘ldi. Toshkentdan Peterburgga yetkazilgan maxfiy xabarnomada «Said Islomxo‘janing hokimiyati yakuniga yetayotgani» haqida yozildi.

Tungi qotillik

1913 yil 9 avgustda Said Islomxo‘ja o‘ldirildi. Qotillik bo‘yicha tergov hech qanday natija bermadi, aksincha Xiva hokimiyati ochiqchasiga ishni yopishga urindi.

Katta ehtimol bilan qotillik xonlikning eng yuqori amaldorlari tomonidan uyushtirilgan fitna bo‘lib, Asfandiyorxonning ruxsatisiz ro‘y berishi imkonsiz edi. Harholda, Said Islomxo‘janing yo‘q qilinishi xon mavqeyi mustahkamlanishini, shuningdek, islohotlarga bo‘lgan umidlarning barbod bo‘lishini anglatardi.

Turkiston general-gubernatori Aleksandr Samsonov Sankt-Peterburgga yetkazgan xabarnomada Islomxo‘ja «so‘nggi paytlarda qurolli soqchilar bilan yurmay qo‘ygani va xavfsizlik masalalariga e’tibor bermaganini» qayd etadi. Bu ma’lumotlar tarixchi olim Ulfatbek Abdurasulovning «Xiva saroyi sirlari» nomli maqolasida keltirilgan.

9 avgust kuni kechqurun Said Islomxo‘ja odatdagidek xon qarorgohi, «Nurullaboy saroyi»ga boradi. Ammo noma’lum sabablarga ko‘ra u «yolg‘iz, (hamrohsiz va soqchisiz), shuningdek, o‘ziga notanish bo‘lgan boshqa izvoshchi» bilan birga bo‘lgan. Qotillik o‘sha kuni tunda, Qibla Tozabog‘dagi qarorgohiga qaytib kelayotganida sodir etilgan.

«Mish-mishlarga ko‘ra, - deb yozadi Samsonov, - hujum ikki kishi tomonidan amalga oshirilgan. Ulardan biri izvoshchini qilich bilan yaralagan, ikkinchisi Islomxo‘jani pichoqlagan. Bu odamlar tezda g‘oyib bo‘lishgan... ularning kimligi noma’lum. Voqea joyini dastlabki ko‘zdan kechirish shuni ko‘rsatdiki, «qotillik oqibatida Islomxo‘ja talanmagan, uning yonida qimmatbaho buyumlar va pullari bo‘lgan».

Rossiya ma’muriyati rahbari Xiva hokimiyatining surishtiruv ishlarini olib borishda shubhali tarzda juda sust bo‘lganiga e’tibor qaratadi.

Izvoshchi qotillik sodir etilgan kunning ertasi o‘ziga keladi va Shayx Nazar Yasovulboshining (Matmurod devonbegining o‘g‘li) xizmatkorlari orasidan uch kishiga tuhmat qiladi. Ular hibsga olinib, so‘roqlanadi, ammo hech biri ayblovlarni tan olmaydi. Shundan so‘ng qo‘yib yuboriladi.

Aslida eng yuqori lavozimga ega amaldorga qarshi uyushtirilgan suiqasd «davlat ahamiyatiga molik voqea» sifatida baholanishi kerak edi. Ammo Xiva hukumati va jabrlanuvchining yaqin qarindoshlari so‘roq natijalaridan qoniqish hosil qilishadi va surishtiruvni to‘xtatishadi.

Xivaliklar ishning shu tarzda yakun topganidan taajjubga tushishgan. Xalq orasida «xon o‘z manfaatlarini ko‘zlab, fitnani uyushtirdi» degan mish-mishlar tarqalgan.

Rus ma’muriyati fikriga ko‘ra, qotillik so‘nggi paytlarda Xiva hukmdori va uning oliy martabali amaldori o‘rtasida yuzaga kelgan jiddiy qarama-qarshiliklar oqibati bo‘lgan.

«Islomxo‘ja xonga ta’sir o‘tkazayotganini ochiqchasiga ko‘rsatgan, hatto uning qarorlarini bekor qilishgacha borgan. Moliyaviy mablag‘larning taqsimlanishi bo‘yicha ular o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan. Oqibatda o‘zaro dushmanlik darajasi haddan ziyod ortgan», deyiladi xabarnomada.

Rus ma’muriyati qotillikning tashkilotchisi sifatida otliq soqchilar boshlig‘i Yaxshimurodboyni, Islomxo‘janing o‘zi esa Toshhovuzli navkar Qurbonboy tomonidan pichoqlanganini ko‘rsatgan.

Xivalik tarixchi Abdulla Boltayev «Xorazm tarixiga oid materiallar» asarida voqea tafsilotlarini boshqacharoq yoritadi.

Uning yozishicha, xon va bosh vazir o‘rtasidagi ziddiyat birinchi navbatda, xazina mablag‘laridan foydalanish masalalarida yuzaga kelgan. Xon pullarni o‘z ehtiyoji uchun sarflashni afzal ko‘rgan, Islomxo‘ja esa «davlat va xalq manfaatlari» uchun foydalanish kerakligini ta’kidlagan.

Asfandiyorxon vazirning «o‘zboshimchaligi»ga chidamay, uni yo‘q qilish haqida Abdulkarim Mahramga topshiriq bergan. U esa ishni qo‘l ostidagi odamlari – Yaxshimurodboy va Qurbonboy Bo‘zchiga topshirgan.

Qotillik sodir bo‘lgan kunning ertasi marhumning qarindoshlari bosimi ostida Xiva hokimiyati Qurbonboyni omma oldida so‘roq qiladi. So‘roqdan oldin xon undan suiqasdning haqiqiy tashabbuskorlarini aytmaslik haqida va’da olgan bo‘lishi mumkin. Chunki, qiynoqqa chidamagan Qurbonboy so‘roqni to‘xtatishni talab qila boshlagan. Aks holda «sirni oshkor qilish va rejalarni barbod etish» bilan tahdid qilgan. Shunda so‘roq to‘xtatilgan, tergov esa unutilgan.

Boltayevning yozishicha, «Xalq Islomxo‘janing o‘ldirilishi xon buyrug‘i bilan bo‘lganini tushunib yetgan» edi.

Islomxo‘ja minorasi (Xiva, «Ichon-qal’a»)
Xulosa o‘rnida

Rossiyaning siyosiy doiralari bilan yaqin aloqada bo‘lgan nufuzli bosh vazir Said Islomxo‘janing o‘ldirilishi albatta rus ma’muriyati e’tiboridan chetda qolmadi. Ammo xon va unga aloqador doiralar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni inobatga olmasdan va Rossiya hukumati bilan munosabatlarning keskinlashish ehtimolini pasaytirmasdan turib, Said Islomxo‘jani o‘ldirish haqida qaror qabul qilishi dargumon edi.

Shuningdek, Asfandiyorxonning rus elitalari orasida ancha nufuzli homiylari ham bor edi. Aynan ularning yordamida xon rus ma’muriyatining Xorazmga oid ko‘plab tashabbuslaridan barvaqt xabardor bo‘lib turardi.

Suiqasd tashabbuskorlari bosh vazirning jismonan yo‘q qilinishi imperator hokimiyati tomonidan sanksiyalarga sabab bo‘lmaydi, ular bilan kelishib olish mumkin va ular munosabatlarning murakkablashib ketmasligini afzal ko‘rishadi, deb ishonishlari uchun yetarli asosga ega edilar. Yakunda aynan shunday bo‘lib chiqdi. Aks holda, qotillik tafsilotlarini tekshirish uchun Sankt-Peterburg tashabbusi bilan tuzilgan komissiyaning sust harakatlarini qanday izohlash mumkin?

Bundan tashqari, bosh vazir o‘ldirilganidan so‘ng, Asfandiyor Rossiya hukumatining bir qancha tashabbuslariga peshvoz chiqishga tayyorligini bildirdi. Bunday ishoralar Xiva hokimiyatining Said Islomxo‘ja yo‘q qilinganidan keyin ham rus ma’muriyati bilan muloqotni og‘riqsiz davom ettirishga tayyorligidan dalolat berardi.

Qanday bo‘lmasin, bu qotillik ortida Xiva saroyida ham, undan tashqarida ham juda ta’sirli kuchlar turganiga shubha yo‘q va bu Asfandiyorxonning xabarisiz va ruxsatisiz sodir bo‘lishi mumkin emas edi.

Saroydagi keyingi voqealar. Xonning qismati

Matmurod devonbegi o‘g‘illari «afv»dan keyin ham siyosiy ta’sir maydonidan uzoqlashtirildi. Xon ularga hech qanday «jiddiy topshiriq» bermadi. Bu esa ular egallab turgan lavozimlarning «ma’nosiz» ekanini anglatar edi. Shu bilan birga, «devonbegilar»ning saroyga yaqinlashish, xon ishonchini qozonish uchun qilgan barcha urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Xiva hokimiyati tomonidan «ular ustidan juda qattiq nazorat o‘rnatildi».

Asfandiyorxon 1918 yilda Xivada amalga oshirilgan davlat to‘ntarishidan keyin yovmud turkmanlaridan bo‘lgan Junaidxon tomonidan o‘ldirildi. Taxtga uning ukasi Said Abdullaxon o‘tqazildi. Amalda esa davlatga Junaidxon rahbarlik qildi.

1920 yilda Xiva xonligi bolsheviklar tomonidan tugatildi, Said Abdullaxon hibsga olinib, mol-mulki musodara etildi va surgun qilindi.

Nurmuhammad Said

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xiva xonligida sodir etilgan va ochilmagan jinoyat tafsilotlari