1 513
Xalq ta’limi vazirligi: Maktab direktorlari tanish-bilish orqali xodimlarni moddiy rag‘batlantirgan

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarni mukofotlash va rag‘batlantirish, direktor jamg‘armasidan beriladigan ustamalar va boshqa moddiy imkoniyatlar borasida turli talqinlar ilgari surilmoqda. Xalq ta’limi vazirligi bu masalaga aniqlik kiritdi.
Vazirlik matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustda qabul qilingan 425-sonli qarori bilan ayrim qarorlarga, jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentabrdagi «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 823-sonli qarorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Mazkur o‘zgartirishlar joylardagi korrupsion holatlarni, shuningdek, moliyaviy xato va kamchiliklarning oldini olishga qaratilgan bo‘lib, mablag‘larni maktab rahbarlari hamda joylardagi mas’ullarning suiste’mol qilishining oldini olish ko‘zda tutilgan.
O‘zgarishlar bevosita o‘qituvchilarni rag‘batlantirish uchun yo‘naltiriladigan direktor jamg‘armasi mablag‘lari miqdorining pasayishiga olib kelmaydi. Aksincha, mablag‘lar aniq mezonlar asosida belgilanadigan ustamalarga ajratiladigan mablag‘larning ko‘payishiga va mukofotlashning «barcha uchun tenglik» tamoyili asosida amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
Qonunchilikka ko‘ra, 2022 yilda Direktor jamg‘armasi jami maktab ish haqi fondining 12 foizi bo‘yicha shakllantiriladi. Mazkur jamg‘arma hisobidan 2022 yilning avgustiga qadar maktabning eng ilg‘or o‘qituvchilariga 40 foizgacha ustama, shuningdek, mablag‘lar doirasida xodimlarga moddiy yordam va mukofot berish imkoniyati berilgan.
Shuningdek, ma’lum qilinishishicha, 2021 yilda bir maktabda o‘rtacha direktor jamg‘armasining 55 foizi pedagog xodimlarga har oylik ustamalar uchun hamda qolgan 45 foizi mukofot va moddiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilgan. Biroq joylarda o‘qituvchilarga 40 foizgacha ustama berish o‘rniga foizni kamaytirish va qolgan summani moddiy yordam hamda mukofotga yo‘naltirish amaliyoti yildan yilga oshib borgan.
Xususan, 2021 yilda maktabning ish haqi fondiga 787,5 million so‘m va direktor jamg‘armasiga 175,5 million so‘m ajratilgan. Ushbu Jamg‘arma mablag‘larining faqatgina 20 foizi pedagog xodimlarga har oylik ustamalar uchun, qolgan 80 foizi mukofot va moddiy yordam ko‘rsatish uchun yo‘naltirilgan.
Ko‘p hollarda jamg‘arma hisobidan maktab direktorlari tanish-bilish orqali xodimlarga moddiy rag‘batlantirish, surunkali ravishda aynan bir guruh xodimlarga takror-takror amalga oshirgan. Mukofot pullari direktorga yaqin bo‘lgan xodimlarga, qarindosh va tanishlarga rasmiylashtirilgani aniqlangan.
Avvalgi tahrirda jamg‘arma hisobidan moddiy yordam miqdori chegaralanmagani sababli istalgan hajmda moddiy yordam ko‘rsatish orqali o‘g‘irlik holatlari aniqlangan. Mazkur holatlar bo‘yicha materiallar huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.
Shundan kelib chiqib yangi tahrirda direktor jamg‘armasidan moddiy yordam ko‘rsatish miqdorlari va holatlari aniq belgilab qo‘yildi. Natijada mukofot va moddiy yordam pullarini sababsiz berish imkoniyatlari cheklandi, maktab doirasida o‘qituvchilarni rag‘batlantirish uchun ajratiladigan jami summa esa saqlab qolindi.
Bu esa:
- mablag‘larni bevosita o‘qituvchilarning ustamalariga yo‘naltirish;
- moddiy yordam ko‘rsatishning aniq holatlarini belgilash
(xodimning o‘zi va yaqin qarindoshi vafot etganda, og‘ir kasallikka chalinganda, tabiiy ofatdan zarar ko‘rganda);
- mukofot pullarini barchaga teng miqdorda berish imkoniyatini yaratdi.
Shuningdek, Vazir jamg‘armasi orqali yagona tamoyil asosida respublika bo‘yicha malakali pedagog xodimlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari (hozirda 5,1 mln. so‘m) miqdorida har oylik ustamalar belgilash, shuningdek, xuddi shunday miqdorda ilg‘or xodimlarga bir martalik pul mukofotini to‘lash amaliyoti joriy etildi.
«Xulosa o‘rnida Direktor jamg‘armasiga beriladigan mablag‘lar kamaytirilmagani, aksincha, moddiy yordam va mukofot pullarini aniq maqsadlarga va tenglik tamoyili asosida berish ta’minlanganini qayd etish kerak.
O‘zgartirishlar orqali Davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lardan samarali va oqilona foydalanish orqali o‘qituvchi va boshqa xodimlarga to‘g‘ri yetkazilishini ta’minlash maqsad qilingan», — deyiladi vazirlik xabarida.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar