22:27 / 09.09.2022
1 499

Bola suymas kelinlar yoxud mehr ona suti bilan kiradi

Bola suymas kelinlar yoxud mehr ona suti bilan kiradi
Aziza opa kelinining bu harakatidan hayron qoldi. Bolasini emizishni istamaydi, “qomatim buziladi” deydi, o‘g‘li ertalabgacha bolaga qarab chiqadi. Kunduz kuni esa chaqaloqni qaynonaga tashlab, uy yumushlari bilan band. Yaxshiyamki o‘zi qaraydi, bo‘lmasa chaqaloq yig‘layverib, betob bo‘lib qolardi.

Bu ham yetmaganday uch kunga qizinikiga ketganida, tinmasdan pampers kiydirib, qorni og‘risa dorilar berib betob qildi. Aziza opa: “O‘zining bolasi bo‘lsa ham shunchalik bemehr, beparvomikan” deb kelinini koyib berdi. Nabirasini erkalab, qaynonasidan o‘rgangan usullarni qilib parvarishladi. Keliniga qancha o‘rgatmasin “o‘zidan ortib” bolasiga qarashni istamadi.

Afsuski, bugun aksari yoshlar bola qarashning oson yo‘lini tanlashadi. Aslida g‘arb mamlakatlarida ham shunday bo‘lgan va natijada mehr ko‘rmagan bolalar o‘z ota-onalariga mehr berishmagan.

So‘nggi vaqtlarda ko‘plab juvonlar onalikni his qilmayapti. Sababi, ularning o‘zi hali bola. Bular qachon katta bo‘ladi, dersiz. Bu ketish bo‘lsa - hech qachon! Ular vaqtini seriallarga sarflaydi, telefonda soatlab “behuda” o‘tirishadi, uy ishlari bilan band, qarabsizki bola shu bilan maktabga chiqadi. Bejizga ijtimoiy tarmoqlarda bolaning “telefon bo‘lishni istayman, onam menga hamisha qarar edi” degan so‘zlari mashhur bo‘lmadi. Biz bolaligimizda onamiz bilan o‘yinchoqlarimizni o‘ynaganmiz. Ular bizni eshitar, biz ularning so‘ziga quloq solardik. Hozir esa farzandingizga e’tibor bersangiz sizdan ko‘ra dugonasi yoki do‘sti bilan yaqin bo‘layotganini ko‘rasiz. Chunki u siz bermagan mehrni do‘stidan topgan.

Aksariyat hollarda turmushga chiqqan qizlarimizni uy ishlarini eplasa bo‘ldi-da, deymiz. Natijada ajrimlar ko‘payadi. Ota-onalarimiz o‘zaro janjallashsa, kamdan-kam holatlarda bizdan alamini olishgan. Hozir esa deyarli har bir ona bolasini “jazolab” kelmoqda.

Yaqinda ko‘chada bir ona o‘g‘lini yoniga chaqirdi. Chamasi, birinchi sinf o‘quvchisi. Bola titrab “yo‘q urasiz, urmang” deydi. Bolani titrab turganini ko‘rib, kaltaklardan bezor bo‘lganini bilish qiyin emas. Ertaga u ham, Alloh asrasin, onasini urishi hech gap emas. Bu kabi manzaralar, onalar bolalarini katta ko‘chada, begonalar oldida “tarbiyaga” chaqirib qo‘yishi, urishi yoki haqorat qilishi ko‘payib ketdi. “Bolaning g‘ururi ko‘pchilikning oldida sinmasin, uyga borganda gaplashib qo‘yaman” deydigan onalar sanoqligina, nazarimizda.

Ma’lumot o‘rnida, bir qator jinoyatlarni sodir etgan xavfli shaxslarning jinoyatchi bo‘lishiga oiladagi muhit sabab bo‘larkan. Ularning ko‘pchiligi hamisha bosim va qo‘rquv asosida yashashgan. Afsuski, oramizda ana shunday ota-onasidan qo‘rqib katta bo‘layotgan bolalar kam emas. Ular hozir go‘dak bo‘lgani uchun zaif bo‘lishi mumkin. Ertaga mehrsiz, yovuz insonlarga aylanmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Mehr esa eng avvalo ona suti bilan kiradi.

“Sutim yetmayapti”, “Sutim zararli ekan”, “Bola to‘ymayapti” deb kelinlar onaning farzandi oldidagi majburiyatini bajarmayotganligi, bolasi bilan hech bo‘lmasa mana shu berilgan ozgina vaqtda ham bo‘lmayotgani bor gap. Aslida bolani “shisha”da katta qilish xorij davlatlariga xos. Hozir onalar chaqaloqni qo‘liga shishani tutqazib “o‘z huzurini” o‘ylashmoqda.

Bu borada qaynonalar va onalar ham talabchan bo‘lishi kerak. Zamon shunday deganlar, zamon emas insonlar o‘zgarishini bilishi lozim. Kelinlarimizni uy yumushlariga emas farzandining tarbiyasiga mas’uliyatli qilaylik. Qizlarimizni ertaga birovning xonadonida xizmatini qilasan deb emas, qori va qoriyalarning, yurt koriga yaraydigan insonlarning onasi bo‘lasan, deb ilmli qilishimiz to‘g‘riroq bo‘ladi.

Kamola Adashboyeva

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat