19:30 / 28.09.2022
1 907

«O‘zbekchorvanasl» rahbari mast holda to‘polon ko‘targani uchun ishdan olindi

«O‘zbekchorvanasl» rahbari mast holda to‘polon ko‘targani uchun ishdan olindi
Xizmat safari paytida mehmonxonada sodir etgan nomaqbul xatti-harakatlari uchun «O‘zbekchorvanasl» agentligi direktori Baxtiyor Otamurodov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda 27 sentyabr kuni Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov rahbarligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Gap nimada? Sentyabr oyi boshida tarmoqlarda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari – «O‘zbekchorvanasl» agentligi bosh direktori Baxtiyor Otamurodov deb aytilgan shaxs Namangan viloyatidagi mehmonxonalarning birida mast holda to‘polon ko‘targani aks etgan video tarqalgan edi.

Yig‘ilishda Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov «O‘zbekchorvanasl» agentligi direktori Baxtiyor Otamurodovni xizmat safari vaqtida qilgan nomaqbul xatti-harakatlari uchun tanqid qilgan.

«Butun dunyo bildi, desak ham adashmaymiz. Menga sizning Namangan viloyatida xizmat safari davomidagi 'sarguzasht’laringizni Telegram orqali yuborishdi. Mayli, hozir hammaning oldida aytmayman. Nimalar qilganingizni hamma ko‘rdi. Bu mutlaqo davlat organi, yana bu respublika organi rahbarining xatti-harakatiga, darajasiga va lavozimiga to‘g‘ri kelmaydigan holat. Davlat tizimini siz sharmanda qilib, obro‘sizlantirdingiz. Hammaning oldida turish munosibmi sizga? Bankda uzoq ishlagansiz. Hurmatli prezidentimiz qarorlari bilan bugun siz ham lavozimingizdan bo‘shatilasiz», – degan Administratsiyasi rahbari.

Ishdan olingan Baxtiyor Otamurodovdan zaldan chiqib ketishi va guvohnomani topshirish buyurilgan.

Ma’lumot uchun, Baxtiyor Otamurodov 2020 yilning noyabr oyida «O‘zbekchorvanasl» agentligi rahbari etib tayinlangan, u bunga qadar «Xalq banki» boshqaruvi raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat