18:38 / 06.10.2022
2 184

Hech kimdan qarzi yo‘q ko‘cha supuruvchisi bilan suhbat

Hech kimdan qarzi yo‘q ko‘cha supuruvchisi bilan suhbat
Biz har tong ishga, o‘qishga yoki kundalik yumush bilan ko‘chaga shoshar ekanmiz, qishning qahraton sovug‘i-yu, yozning jazirama issig‘ida ham ko‘cha-ko‘yni supurayotgan, ariqlarni chiqindilardan tozalayotgan farroshlarga e’ti­bor beravermaymiz. Agar ular davlatimiz tomonidan beriladigan bayramlarda barcha fuqarolar qatori 3-4 kun dam olsa bormi, nima bo‘lishini tasavvur qilavering: go‘zal ko‘chalarimizdan fayz ketadi-qoladi!

Hidoyat Usmonova ana shunday fidoyi kasb egalaridan. Yaqinda u yuksak mukofotga munosib ko‘rildi. Opaxon 19 yildirki, Sergeli tumani obodonlashtirish boshqarmasida ishlaydi. Uning turmush o‘rtog‘i Yunusali akaning kasbi sartarosh. Ikkalasi halol mehnati bilan to‘rt nafar farzandni kamolga yetkazishdi. Zulfiya va Zuhra qizlari oilali bo‘lib, o‘zlaridan tinib ketishdi. Kenja qizini uzatib, keyin faqat o‘g‘lini uylantirsa bas: kelinning qo‘lidan choy ichib, nevaralarini boqib, uyda o‘tiradi. Shunday deydi-yu, yana qadrdon ishidan ayrilishni istamaydi.

U rejadagi ishlarini tugatay deb qolganida uzoqdan brigadir Mehri Oqsoqolovaning hovliqib kelayotganiga ko‘zi tushdi. U nuqul «Tab­riklayman, opajon, sizni prezidentimiz mukofotlabdilar», derdi. Bu gapga bir ishonib, bir ishonmay turganida hokimiyatga chaqirishdi, u yerda ham Mehrixonning gapini aytishdi: «...bo‘ling, ho bo‘ling, bo‘ling, ho bo‘ling». Shu bilan na o‘ziga qaray oldi, na ust-boshiga. Oldinroq eshitganida bosh­­qa ayollarga o‘xshab, sartaroshxonaga kirib, yangi ko‘ylaklar sotib olib, chiroyli bo‘lib borardi-ya, esiz!

Shahar hokimiyatiga borgach, katta zalga kiritishdi: u yerdagilarni ko‘rib Hidoyat opaning oyog‘iga titroq kirdi, qo‘llari qaltiradi, ichida olov yonayotganday his qildi o‘zini. Hech qachon bunaqa salobatli odamlar orasida o‘tirmaganigami, hayajonini bosa olmadi. Shahar hokimi ikkita odamni ketma-ket sahnaga chaqirib taqdirladi. Uchinchi bo‘lib diktor yigit kutilmaganda uning ism-familiyasini o‘qisa deng, quloqlariga ishonmadi, ammo «Usmonova Hidoyat Nurmonovna, Toshkent shahridan!» dedi-ku!

Sahna tomon borar ekan, zinadan qanday ko‘tarildi, qanday qilib hokim buvaning yoniga keldi – o‘zi ham bilmaydi. Shahar hokimi uning ko‘ksiga nimadir qadar ekan, «Do‘stlik» ordeni muborak bo‘lsin! G‘ayratingiz, shijoatingiz, mehnatingiz uchun rahmat sizga, onaxon!» dedi yoki qulog‘iga shunday eshitildimi, aniq bila olmadi, chunki quloqlari qizigandan-qizir, ko‘zlari tinimsiz qarsak chalayotgan odamlarni ko‘rardi, xolos. Joyi­­ga qanday kelib o‘tirdi, eslay olmaydi. Yodida qolgani shuki, taqdirlash yakunlangach, qo‘liga mik­rofon tutgan muxbir qizga «menga bir piyola suv bering­lar, yuragim yonib ketyapti, hozir hushimdan ketaman», degani bo‘ldi.

Ko‘ksida «Do‘stlik» ordenini yaltiratib, bir dasta gul bilan Sergeli tumanining «Xonobodtepa» mahallasidagi mo‘’jazgina hovlisiga yaqinlashganida farzandlari, qo‘ni-qo‘shnilari uyi oldida kutib olib, qutlashganida yana ko‘ng­­li to‘lib ketdi: «Bular qayerdan eshitishdi ekan, telefoni yo‘qligi uchun xabar ham berolmagan edi, hamkasblari qo‘ng‘iroq qilishgan bo‘lishsa kerak». Onaxon ko‘ksidagi ordenini qadoq qo‘llari bilan beozorgina siypalar ekan, ko‘z qarog‘idagi quvonch yoshlari yonog‘ini kuydirayotganini sezdi. Labidan faqat bir jumla uchar edi: «Prezidentimiz meni tanir ekan, mehnatimni qadrlar ekan...» Bu gapni u ehtimol ichida ham yuz bor takrorlagandir.

Biz Hidoyat opani izlab, Sergeli dahasining 7-mavzesiga borar ekanmiz, uni o‘z ishini chaqqonlik bilan bajarayotganida uchratdik. U bilan suhbatlashish ilinjida dam olish xonasi tomon yurdik. Aslida bu ikki xonani o‘rtadagi stol va 4-5 ta haminqadar ahvoldagi o‘rindiqlarni e’tiborga olmasa, dam olish xonasi, deb ham bo‘lmaydi.

– Oilada 12 nafar farzandning to‘ng‘ichi edim, – deb boshladi Hidoyat Usmonova. – Otam zavodda ishchi bo‘lib ishlar, onam olti nafar o‘g‘il va olti nafar qizning tarbiyasi bilan mashg‘ul edi. Bir otamning maoshi bilan 12 bolani kamolga yetkazishning o‘zi bo‘ladimi?! Bu faqat aytishga oson. O‘qishni orzu qilganman, hech bo‘lmasa tikuvchi bo‘lishni xohlardim. Ammo pilla qurti boqqanmiz, dehqonchilik qilganmiz, sharoitimiz og‘ir bo‘lgani uchun 17 yoshimda meni uzatib yuborishgan.

Kelin bo‘lib tushgan oilamda ham sakkiz farzand bo‘lib, ularning ikkinchisi mening turmush o‘rtog‘im edi. Qo‘lida sartaroshlik kasbi bo‘lib, shu bilan farzandlarimizni ulg‘aytirdik, uy-joy qildik. U paytlarda katta-katta issiqxonalar bo‘lardi, shularda meva-sabzavot yetishtirardik. Keyinchalik imkoniyatim, ehtiyojimni e’tiborga olib, hozirgi ishimda ishlay boshladim. Shungayam sal kam 20 yil bo‘libdi. Hozir o‘g‘lim Hasan ham o‘zim bilan birga ishlaydi.

– Ishingizga tanish-bilishlar, do‘st-yorlarning munosabati qanday?

– Mahallamda ham, ishxonamda ham meni hurmat qilishlarini his qilaman. Hech kimdan qarzim yo‘q, o‘zganing moliga ko‘z olaytirmasam, birovning dilini og‘ritmasam – hayotda eng asosiysi shu, deb o‘ylayman.

To‘g‘ri, qishda qo‘llarimiz yorilib, yozda supurgi tutaverib shilinib ketadi. Ammo bu ishni ham kimdir qilishi kerak-ku. Insonning nima ish qilishi emas, vazifasini vijdonan, astoydil bajarishi muhim. Bu og‘ir mehnatni bajarish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ishga kelib 2-3 kun, hatto yarim kunda qochib ketganlar qancha!

Men ishdan yoki odamlarning fik­ridan emas, ko‘proq ba’zi yo‘lovchilarimizning mehnatimizni hurmat qilmaganidan dilim og‘riydi. Boyagina bekatni tozalagan joyimga avtobusda o‘tirgan yo‘lovchi bir hovuch pista po‘chog‘ini tashlasa, deng. «Axlat qutisiga tashlasangiz bo‘lmaydimi?» desam, yuzini teskari burib oldi. Buvisiday odamman, mayli, yoshimni hurmat qilmasa ham mehnatimni hurmat qilsa bo‘lardi. Bundaylar ko‘p. Ba’zida hozirgina supurgan joyingizga axlat uloqtirb: «Nima bo‘pti tashlasam? Sizning ishingiz tozalash!» deydigan yoshlar ham bor.

To‘g‘ri, bu mening ishim, ammo shunday chiroyli, go‘zal shahrimizning ozodaligini saqlash faqat biz, farrosh­larning emas, har birimizning vazifamiz emasmi?! Shu yurtda yashayotgan har bir fuqaro, yo‘lovchi yo‘lda yurish madaniyatini bilishi kerak. Ularning yuqoridagi kabi xatti-harakati faqat menga emas, yurtiga va yon atrofidagi yurtdosh­lariga ham bepisandlik bilan qilgan munosabatidir. Biz 1 million 700 ming so‘m oylik uchun ishlaymiz, bir pas tin olamiz-da, yana issiqni issiq demay, sovuqni sovuq demay mehnat qilamiz. Birovning mehnatini qadrlash kerak.

– Qanday vaqtda ishingizdan ko‘nglingiz to‘ladi?

– Har kuni ishimni yakunlaganimda, biron qog‘ozmi, xas-cho‘pmi qolmadimikan, degan o‘yda ortimga qarayman, ishlarimni ko‘zdan kechiraman. Ana shunda ko‘zim quvnaydi: bir-biridan chiroyli kiyingan kattayu kichik yurayotgan yo‘laklar ularga yarashadi, oyoqlariga hech narsa ilashmaydi, top-toza! O‘zimni shunday yengil his qilamanki, o‘z ishimdan zavqlanaman. Bundan tashqari yonimdan o‘tib ketayotgan ba’zi odamlar, do‘kon sotuvchilari, avtobus haydovchilari «Rahmat, xolajon, baraka toping», deyishadi, o‘shanda ham ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi.

– Yurtboshimizning e’tiboriga tushish, «Do‘stlik» ordeni sohibi bo‘lish hammaga ham nasib qilavermaydi. Bu sizning halol mehnatingizga berilgan baho! Xizmatingiz yurtimiz uchun nechog‘lik qadrli ekanining yaqqol namunasi. Shunday emasmi?

– Albatta! Men mukofotni olganimdan beri osmonlarda uchib yuribman, ishonavering. Ba’zi yoshlar bepisand­lik qilsa ham, mayli, yurtboshim mening mehnatimga katta baho bergani uchun yana ham kuch-g‘ayratga to‘lib, yanada jon-jahdim bilan yurtimizning tozaligi uchun xizmat qilaman. Shunday tinch, obod yurt rahbarining nazariga tushganim uchun kecha-kunduz tinmay mehnat qilsam arziydi! Bilsangiz edi, bu ordenning qadri men uchun qanchalik ulug‘ligini! Kattagina mab­lag‘ ham berishdi, uni qizimning to‘yiga sarflayman…

Onaxonning ko‘zlariga quvonch yoshlari qalqadi. Supurgi tutaverib, qadoq bo‘lib ketgan qo‘llari bilan mehnati, tinimsiz harakati tufayli yoshiga nisbatan ancha yosh ko‘rinadigan onaxon yonoqlaridagi ko‘z yoshini artadi. Go‘zal holat: ko‘zida yosh, yuzida tabassum…

Bu manzarani kuzatib, uning yonida o‘tirib, hislarini yuragimdan o‘tkazar ekanman, ko‘nglimdan bir so‘z kechadi: bu mukofotning salmog‘i barcha uchun juda katta, ammo hech kimniki Hidoyat opanikicha bo‘lmasa kerak! Shu lahzalarda oldimdagi kichik jussali ayol Vatani uchun jonini fido qilishga tayyor milliy qahramon edi! Farrosh opaning davlatimiz yuksak mukofoti bilan taqdirlanishi yurtboshimizning, hukumatimizning ayol mehnatiga e’tibor va e’ti­rofining yuksak ko‘rinishidir.

Saodat Matyoqub qizi suhbatlashdi
(«Adolat» gazetasidan)

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hech kimdan qarzi yo‘q ko‘cha supuruvchisi bilan suhbat