
Toshkent shahrida avtomobillar harakatlanish tezligini soatiga 60 va 50 kilometrgacha pasaytirish qarori qabul qilinishi keng jamoatchilikda turli savollarni uyg‘otmoqda. Xo‘sh, qarorda belgilangan ko‘chalarda 60 va 50 km.gacha harakatlanish tartibiga amal qilish boshlandimi? Yo‘l belgilari hamon 70 km/soat tezlik cheklovini ko‘rsatar ekan, haydovchilar qaysi taomilga ko‘ra harakatlanishlari kerak? Kun.uz shu kabi savollarga javob olish maqsadida Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati boshlig‘i Qahramon Xudoyberganovdan izoh oldi.
Mutasaddining ta’kidlashicha, 10 oktabrda xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan qabul qilingan qaror ortidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Maxsus komissiya qarori ham qabul qilinishi lozim.
“Maxsus komissiya qarori chiqib, kuchga kirgandan so‘ng Toshkent shahridagi Kichik halqa aylanma yo‘lida avtotransport vositalarining harakatlanish tezligi 60 km/soat qilib belgilab beriladi. Bundan tashqari o‘nlab markaziy ko‘chalarda esa harakatlanish tezligi 50 km/soat etib belgilanadi”, – deydi Qahramon Xudoyberganov.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Haydovchilar poytaxt ko‘chalarida harakatlanish bo‘yicha yangi cheklovlar o‘rnatilganini qanday bilishadi? Ogohlantiruvchi va taqiqlovchi yo‘l belgilarini o‘rnatish ishlari qachondan boshlanadi?
Ma’lum bo‘lishicha, bu bo‘yicha Yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga asosan yo‘l belgilari va yo‘l elementlarini bosqichma-bosqich o‘rnatish ishlari boshlangan.
Toshkent shahar IIBB YHXB mulozimining aytishicha, yangi cheklovlar kuchga kirishi haqida rasman e’lon qilingunga qadar haydovchilar amaldagi tezlikda harakatlanishlari mumkin, buning uchun harakat ishtirokchilari jarimaga tortilmaydi.
“Hozirgi kundagi belgilangan tezliklar amalda. Deputatlar Kengashining sessiyasida qabul qilingan qarordan so‘ng Maxsus komissiyaning qarori chiqishi lozim. Ana shu qaror chiqqandan so‘ng tezlikni cheklash kuchga kiradi”, deydi Qahramon Xudoyberganov.
Avvalroq Toshkent shahrining ko‘chalarida avtomobillarning harakatlanish tezligi soatiga 60 va 50 kilometrgacha cheklangani haqida xabar bergandik.
Unga ko‘ra Kichik halqa avtomobil yo‘lidan markazga yo‘nalgan barcha ko‘chalarda transport vositalarining yuqori tezligi soatiga 60 km.gacha cheklanadi.
Shu bilan birga, Alisher Navoiy shohko‘chasining Labzak ko‘chasi va Sharof Rashidov shohko‘chasi oralig‘idagi qismida, Maxtumquli ko‘chasining Yahyo G‘ulomov va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari oralig‘idagi qismida, Amir Temur shohko‘chasining KHAYdan Alisher Navoiy shohko‘chasi oralig‘idagi qismida, Kichik halqa avtomobil yo‘lining Qatortol ko‘chasi va Bunyodkor shohko‘chasi oralig‘idagi qismida, Islom Karimov ko‘chasining Anhor bo‘yi ko‘chasi va Sharof Rashidov shohko‘chasi oralig‘idagi qismida, Taras Shevchenko ko‘chasining Islom Karimov va Nukus ko‘chalari oralig‘idagi qismida, Bobur va Furqat ko‘chasining Shota Rustaveli va Islom Karimov ko‘chalari oralig‘idagi qismida, Amir Temur xiyoboni aylanma yo‘lida transport vositalarining harakat tezligi soatiga 50 km.gacha cheklanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar