
Valiy o‘z qizi yoki singlisini turmushga berish maqsadida biror bir solih kishiga unga uylanishni taklif qilishi joiz. Bu ish ayolning sha’nini aslo tushirmaydi. Chunki Umar roziyallohu anhu o‘z qizlarini Abu Bakr va Usmon roziyallohu anhumolarga taklif qilganlar.
Hatto ayolning o‘zi ham biror kishi orqali solih kishilarga turmushga chiqishi uchun o‘zini taklif qilishi joizdir. Xadicha onamiz o‘rtaga odam qo‘yib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o‘zlarini taklif qilganlari naql qilingan.
Shuayb alayhissalom qizlarini Muso alayhissalomga taklif qilgani Qur’oni karimda vorid bo‘lgan: (Shuayb) aytdi: «Men senga mana shu ikki qizimdan birini nikohlab bermoqchiman». (Qasos surasi, 27-oyat).
Hikmatlarda shunday deyilgan: “O‘g‘ling uchun emas, qizing uchun sovchi qo‘y”.
Odatda otalar turmushga berish maqsadida qizini biror yigitga taklif qilishida ularning g‘ururi to‘sqinlik qiladi. Agarchi yigitda solih er uchun lozim bo‘lgan barcha sifatlar mavjud bo‘lsa ham. Kamdan kam otalargina qizini solih yigitga turmushga berishga taklif qiladi. Ko‘pchiliklarining g‘ururi yoki oriyati bunga to‘sqinlik qiladi.
Shuayb alayhissalomning mazkur ishlari qizlarni turmushga berishda paydo bo‘layotgan ko‘plab muammolarga yechim bo‘ladi. Ba’zan yigitlarning ijtimoiy mavqei qiz va uning oilasining ijtiomiy mavqeidan biroz pastroq bo‘lgani sababli ular “sovchi qo‘ysam ham rad javobi bo‘ladi-ku” degan o‘y bilan o‘sha qizlarga sovchi qo‘yishga jur’at qilisholmaydi. Ko‘pchilik otalar ana shunday oddiy, dindor, go‘zal xulqli kuyovlikka munosib bo‘lgan yigitlarni uchratishadi.
Ushbu holatda qizning otasi o‘zining roziligini ba’zi bir ishoralar orqali mazkur yigitga bildiriib, uni sovchi qo‘yishga jur’atlantirishi kerak bo‘ladi. Masalan, “nima uchun hali ham uylamay yuribsiz, axir, sizdek yigitni minglab qizlar orzu qiladi-ku?!” yoki “sizdek yigitni kuyov qilish ko‘pchilikning orzusi-ku!” yoki shu kabi yigitni shijoatlantiradigan boshqa bir iboralar bilan ishora qilishi mumkin.
Agar sayyidimiz Shuayb alayhissalomga o‘xshab “men senga mana shu ikki qizimdan birini nikohlab bermoqchiman” deb ochiqchasiga aytsa, bu narsa ham sovchi tomonidan yuksak odob va axloq hisoblanadi. Jamiyatimizda ko‘plab yigitlar valiylar tomonidan mana shunday daldalarni va jur’atlantirishlarni kutishadi. Ko‘plab qizlarning baxti valiylar tomonidan yigitlarni mana shunday shijoatlantirishga bog‘liq bo‘lib turadi.
Farzandining baxtini o‘ylagan ota-ona farzandi baxtli bo‘lishi uchun g‘urur va kibr kabi illatlarni, shuningdek, noo‘rin oriyat va xijolatliklarni ham bir chetga surib qo‘yishi lozim bo‘ladi.
Qudratulloh Sidiqmetov
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar