
Saida Mirziyoeva Prezident administratsiyasi mulozimiga aylandi va endi axborot siyosatini belgilashda, toʻgʻridan toʻgʻri davlat rahbarining oldiga jiddiy ma'lumotlarni olib kirishda muhim rol oʻynaydi. Xoʻsh, u mazkur tayinlovgacha qanday yoʻlni bosib oʻtdi, koʻplab masalalarda jamoatchilik tarafida turadigan yana bir kadrning prezident jamoasida boʻlishi qaysi jihatlarga koʻra ahamiyatli?
Ikkita magistrlik diplomi va ilmiy faoliyat
Saida Mirziyoeva 1984 yil 4 noyabrda Qoʻqonda tugʻilgan. 18 yoshida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga oʻqishga kirib, 2006 yilda xalqaro huquq boʻyicha bakalavr darajasini olgan.
Oʻsha yili Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga kirgan Mirziyoeva 2008 yilda huquqshunoslik boʻyicha, 2010 yilda esa Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetidan iqtisodiyot boʻyicha magistr darajasini olgan.
Rasmiy tarjimayi holida yozilishicha, Saida Mirziyoeva 2010–2021 yillarda ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borgan. Xususan, 2018–2021 yillarda Davlat boshqaruvi akademiyasi izlanuvchisi boʻlgan.
Tadqiqotchi 2021 yil iyunida Moskva davlat universitetida iqtisodiyot boʻyicha dissertatsiya yoqlagan. Nomzodlik dissertatsiyasi mavzusi – “Mintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish metodologiyasini takomillashtirish (Oʻzbekiston Respublikasi materiallari asosida)”.
Universitet rasmiy saytida Mirziyoevaning dissertatsiyasidan tashqari 6 ta maqolasi, 1 ta monografiyasi, ilmiy konferentsiyalardagi 3 ta hisoboti va 1 ta tezis-dokladi haqida ma'lumotlar bor. Ularning aksariyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish boʻyicha milliy strategiyalar mavzusi birlashtirib turadi.
Davlat organlari “tilga kirdi”
Saida Mirziyoeva davlat xizmatchisi sifatida ilk marta 2019 yilning 12 aprel kuni jamoatchilik nigohiga tushgandi. Oʻshanda u Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining oʻrinbosari lavozimiga tayinlangandi.
Bu lavozimda unga asosan ikkita vazifa yuklatilgan edi. Ta'kidlash kerak, avvaliga Mirziyoeva Oʻzbekistonning xorijdagi ijobiy imijini shakllantirish (PR-markaz)ga mas'ul boʻlgani odamlarning e'tiborini koʻproq tortgandi. Yakunda esa u oʻziga yuklatilgan ikkinchi yoʻnalish – davlat organlarining axborot xizmatlari faoliyatini isloh qilishda kattaroq natijalarga erishdi.
Mirziyoeva karerasidagi ilk lavozimga ancha faol kirishdi, matbuotda tez-tez koʻrina boshladi. Tayinlovdan koʻp oʻtmay davlat organlarining matbuot xizmatlari faoliyati boʻyicha tanqidiy bayonot e'lon qilib, jiddiy voqea-hodisalarga oid rasmiy ma'lumotlar tezkor berilmasligini qoraladi va vaziyatni oʻzgartirishga kirishganini ma'lum qildi. Konferentsiyalardan biridagi chiqishida esa 200ga yaqin hokimliklarda haligacha axborot xizmati yoʻqligi, odamlar oʻzini qiziqtirgan ma'lumotni chet el nashrlaridan olayotganini aytdi.
Ma'lum vaqtdan keyin Saida Mirziyoeva matbuot kotiblarining faoliyatini isloh qilishga doir hujjat loyihasi muhokamaga qoʻyilganini e'lon qildi. 2019 yil iyunida imzolangan prezident qarori bilan barcha davlat organlarining matbuot xizmatlariga jiddiy talablar qoʻyildi, matbuot kotiblarining obroʻsi koʻtarilib, ular tashkilot rahbarining oʻrinbosariga tenglashtirildi. Umuman, davlat organlarida normal axborot xizmatlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks choralar tasdiqlandi.
Qaror imzolanganidan keyin shu mavzuda bosh vazir selektori, AOKAda matbuot kotiblari ishtirokida yigʻilishlar, matbuot kotiblari va jurnalistlar oʻrtasida muloqotlar boʻlib oʻtdi. Ularda soʻzga chiqqan Saida Mirziyoeva sohadagi muammolarni sanadi, ishi sust matbuot xizmatlarini yana tanqid qildi, hatto axborot siyosati talablariga e'tiborsiz qarayotgan mansabdorlarga nisbatan chora koʻrishni taklif etdi. Bu sa'y-harakatlar natijasida qisqa vaqt ichida sohada oʻzgarish sezildi: davlat organlarining ochiqligi va jurnalistlar bilan muloqoti yangi bosqichga koʻtarildi.
“Soʻz erkinligisiz islohot qilib boʻlmaydi”
Komil Allamjonov va Saida Mirziyoevani soʻz erkinligining hukumat ichidagi asosiy targʻibotchilari, tarafdorlari va himoyachilari deyish mumkin. Ular soʻz erkinligining ahamiyatini oliy rahbariyatda doimiy kun tartibida ushlab turadi.
“Ommaviy axborot vositalari va blogerlar fuqarolik nazoratining flagmaniga aylandi. Biz boshlagan ochiqlik yoʻli ortga qaytmasdir”, degandi Saida Mirziyoeva oʻz chiqishlaridan birida.
“OAV erkinligi va saviyali jurnalistika – demokratiyaning ajralmas qismi. Soʻz erkinligini, davlat organlari shaffofligi va jamiyat oldida hisobdorligini ta'minlamay turib, haqiqiy islohotlarni amalga oshirib boʻlmaydi”, deya ta'kidlagan u boshqa bir nutqida.
“Biz qonunlarni keskinlashtirish, turli mavzulardagi chiqishlarni taqiqlash, ijtimoiy tarmoqlarni toʻsib qoʻyish va fikrlarni boshqarish orqali ijobiy natijaga erishib boʻlmasligini yaxshi anglaymiz. Bularning bari aks samara beradi va vaziyatni yanada chigallashtiradi”, – degandi Mirziyoeva media-konferentsiyalardan birida.
Saida Mirziyoeva tuhmat va haqorat uchun qamoq jazosi bekor qilinishining tashabbuskorlaridan biri boʻldi. “Odam gapirgan gapi uchun qamalishi kerak emas”, – deya bu boradagi fikrini ifodalagandi u.
Mirziyoevaning AOKAdagi faoliyati 9 oy davom etdi. 2020 yil yanvarida u va Komil Allamjonov agentlikni tark etishdi. Ular buni faoliyatlarini nodavlat sektorda davom ettirish istagi va rejalari borligi bilan izohlashdi. Koʻp oʻtmay bu rejalarni amalga oshirish allaqachon boshlangani oydinlashdi: iste'fo haqida e'lon qilinganidan 2 kun oʻtib, ular jurnalistlar va blogerlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan yangi jamoat tashkiloti – Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashiga saylanishdi. Komil Allamjonov kengash raisi, Saida Mirziyoeva esa uning oʻrinbosariga aylandi.
Tandem fonddagi faoliyati davomida ham soʻz erkinligiga nisbatan tahdidlarni qoraladi, jurnalistlar bosimga uchragan holatlarda ularning himoyasi uchun tegishli vazirliklar va Bosh prokuraturaga murojaat-soʻrovlar yubordi. Shuningdek, media sohasi vakillarining huquqiy savodxonligini oshirish, xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi yoʻnalishlarda ham ish olib borildi.
Fond rahbarlari BMTning oliy darajadagi mansabdorlari, YuNESKO, YuNISEF, EXHT, Evropa Ittifoqi, AQSh, Germaniya, Shveytsariya, BAA kabi davlatlar rasmiylari bilan muloqotlar oʻrnatishdi. E'tiborlisi, fondning xalqaro hamkorlaridan deyarli hammasi – rivojlangan Gʻarb davlatlaridir. Oʻzbekiston kontekstida qaraganda, roʻyxatda mamlakatning asosiy hamkori deb koʻriladigan Rossiyaning yoʻqligi diqqatga sazovor.
Ogʻriqli mavzularga munosabatlar
Saida Mirziyoeva AOKA mulozimiga aylangan kuni ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalarini ochgan. Shundan beri oʻtkir ijtimoiy masalalarga tez-tez munosabat bildirib keladi. Va u fikr bildiradigan mavzular doirasi faqat soʻz erkinligidan iborat emas.
Mirziyoeva yagona maktab formasi, oʻqituvchilarning oʻz vazifasiga kirmaydigan ishlarga majburlanishi, Toshkent markazidagi bogʻda qurilish boʻlishi kabi katta muhokamalarni keltirib chiqargan mavzularda oʻz pozitsiyasini bildirib, koʻtarilgan masalalarning keng omma foydasiga hal boʻlishiga hissa qoʻshib kelmoqda.
U oʻz chiqishlarida xotin-qizlar huquqlari masalasiga ham koʻp marta toʻxtalgan. Surxondaryoda oʻsmir qizni zoʻrlaganlar jazosiz qolgani, Toshkent viloyatida shifokor Guljahon Yoʻldoshevaning qamab qoʻyilgani, oliygohlarda talaba qizlarga nisbatan shilqimlikning keng tarqalgani, oʻzbek ayollari milliy seriallarda nuqul kaltafahm qilib koʻrsatilishi kabi masalalar shular jumlasidan.
Qolaversa, Mirziyoeva Namanganda MIB xodimlariga norozilik bildirgan ayolning oʻziga oʻt qoʻygani, Xorazmda 19 yoshli homilador kelin oʻz joniga qasd qilish darajasiga olib borilgani, Navoiyda oʻgʻil tugʻmaslikda ayblab kelingan ayol oʻzi va uch qizini poezd tagiga tashlagani kabi ayanchli voqealarga ham munosabat bildirib keladi.
Uning bu chiqishlari shunisi bilan ham ahamiyatliki, xotin-qizlarga qarshi zoʻravonlikdek ogʻriqli muammo har safar shov-shuv mavzusiga aylanganida, hatto bu sohaga toʻgʻridan toʻgʻri mas'ul rahbarlar ham bir ogʻiz munosabat bildirmaydi, xuddi eshitmagandek, koʻrmagandek, shunchaki sukut saqlaydi. Xolbuki, birgina Respublika gender komissiyasida Saida Mirziyoevadan tashqari yana boshqa oʻnlab a'zolar bor.
Ta'kidlash lozim, Mirziyoeva Mass-media fondidagi faoliyati orqali “Zakovat” intellektual klubining yangi darajaga chiqishiga ham hissa qoʻshdi. Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi 400ga yaqin bola operatsiya qilingan “Koʻngil koʻzi” loyihasini amalga oshirdi. Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamgʻarmasi kengashi raisining oʻrinbosari sifatida madaniyat sohasidagi qator loyihalarda ishtirok etmoqda.
Katta siyosiy dargohga qadam
Prezident Shavkat Mirziyoev Sardor Umrzoqovni oʻz administratsiyasiga rahbar etib tayinlashi ortidan, oliy ma'muriyatda jiddiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Oʻtgan 4 oy ichida bu dargohda 7 ta kadr oʻzgarishi roʻy berdi.
Matbuot sohasi uchun eng ahamiyatlisi – Komil Allamjonov administratsiya rahbari oʻrinbosari lavozimiga qaytib, shu munosabat bilan bergan bayonotida “soʻz erkinligi va ochiqlik siyosati yanada yuqori darajaga chiqishi”ni ta'kidladi. Endi esa Saida Mirziyoeva administratsiya ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha shu'ba mudiri etib tayinlandi.
Yangi tuzilgan bu shu'ba administratsiya rahbarining jamoatchilik fikrini oʻrganish va axborot siyosati uchun mas'ul oʻrinbosari (K.Allamjonov) tizimiga kiradi. Bu – jurnalistlarga nisbatan davlat tomonidan qoʻllov 2019 yildagi darajaga qaytishi mumkinligiga umid uygʻotadi. Salkam uch yil oldin Allamjonov–Mirziyoeva tandemi AOKAdan ketganidan keyin matbuot sohasining himoyasi susayganini nafaqat mahalliy jamoatchilik, balki xalqaro kuzatuvchilar ham aytgan edi.
E'tiborlisi, rasmiy xabarda aytilishicha, Saida Mirziyoeva administratsiyada nafaqat axborot sohasini, balki ijtimoiy soha, madaniyat va ta'lim sohalaridagi islohotlar ijrosining borishini ham nazorat qiladi.
Shu oʻrinda qayd etish lozim, bu jamoa davlat rahbari oldiga alohida tuzilmalarning hisobotlariga alternativ oʻz hisobotlarini toʻgʻridan toʻgʻri olib kira olishi ham muhim ahamiyatga ega. Yodingizda boʻlsa, “snos”lar avj olgan paytda odamlarning arz-dodi, ijtimoiy tarmoqlarda yozilayotgan izohlar prezidentga olib kirilgan, vaziyatdan xabar topgan davlat rahbari viloyat hokimlariga qattiq tanbeh bergan edi. “Mana, izohlarni oʻqi. Bularni oʻqib men qanday kabinetimda tinch oʻtira olaman?! [...] Buzishdan avval sen oʻz boshingni buz!” – degandi Shavkat Mirziyoev hokimlarga qarata, oʻziga olib kirilgan hisobotni koʻrsatib.
Komil Allamjonov oʻz intervyularidan birida Saida Mirziyoeva haqida gapirayotib, ayni shu jihatga urgʻu bergandi. “Matbuotning muammolarini zudlik bilan rahbariyatga yetkazishda va uni hal qilishda ularning roli katta”, – degandi Allamjonov.
Odamlarni qiynayotgan oʻtkir muammolar hozir ham talaygina. Muammolar va ularga xalqning munosabati haqida prezidentga xolis axborotlarning koʻproq yetib borishidan esa yurt ravnaqini tilagan hamma manfaatdor.
Xulosa qilib aytganda, davlat rahbarining atrofida yosh, xorijiy tilni biladigan, soʻz erkinligi va umuman erkinliklarni qadriyat deb biluvchi insonlar qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi – aynan bugun mamlakatga bunday kadrlar ayniqsa koʻproq kerak.
Manba: Kun.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar