18:30 / 10.12.2022
1 121

Toshkentdagi maktabda o‘quvchilar sham yorug‘ida mashg‘ulot o‘tkazdi

Toshkentdagi maktabda o‘quvchilar sham yorug‘ida mashg‘ulot o‘tkazdi
Foto: Telegram
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 280-maktabda o‘quvchilar sham yorug‘ida mashg‘ulot o‘tayotgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan tuman hokimligi axborot xizmati munosabat bildirdi.

Murojaatda 5 kundan beri maktabning aksariyat qismida elektr yo‘qligi, o‘quvchilarga sham yorug‘ida dars o‘tilayotgani aytilgan.

- Direktor tegishli joylarga qo‘ng‘iroq qilyapti, ammo foydasi yo‘q. Isitish bilan bog‘liq muammolar ham bor. Balki mas’ul shaxslar zudlik bilan zarur choralarni ko‘rib, sinfxonalarni yorug‘lik bilan ta’minlar? Hurmatli Chilonzor tumani hokimligi, bu bo‘yicha chora ko‘ring. Albatta, hammasini tushunib turibmiz, tumanda muammolar ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin bular bolalar-ku, — deyilgan murojaatda.

Aniqlanishicha, yuqoridagi surat 6 dekabr kuni olingan. Shu kuni maktab joylashgan mavzeda katta nosozlik yuz bergan va ortiqcha yuklama bo‘lgani tufayli transformator podstansiyasida shaxmat taxtasi tartibida elektr quvvati vaqtincha o‘chirilgan.

O‘sha kuni maktabdagi 66 ta sinfxonadan 17 tasida elektr ta’minoti bo‘lmagan. Bulutli ob-havo tufayli ertalab sinfxonalarda odatdagi kunlarga qaraganda yorug‘lik pastroq bo‘lgani uchun o‘qituvchilardan biri o‘z tashabbusi bilan sham yoqqani ma’lum bo‘lgan.

Elektr ta’minotidagi muammo yuzasidan maktab ma’muriyatining Chilonzor tumani xalq ta’limi bo‘limi va hokimlik huzuridagi shtabga yetkazgan xabariga ko‘ra, 7 dekabr kuni tarmoqdagi muammo tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan bartaraf etilgan. Hozirda maktab elektr quvvati bilan to‘liq ta’minlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentdagi maktabda o‘quvchilar sham yorug‘ida mashg‘ulot o‘tkazdi