date
views 929

Yechim — illatning o‘zi bilan emas, sababi bilan kurashishda

Yechim — illatning o‘zi bilan emas, sababi bilan kurashishda
Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatnoma hayotiy taklif hamda mulohazalarga boy bo‘ldi. Davlatimiz rahbari murojaat davomida korrupsiya masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi va “Xalqimiz bizdan korrupsiyani yo‘q qilishni kutmoqda”, deya ta’kidladi.

Darhaqiqat, korrupsiya davlat tuzumini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasidir. Zang temirni yemirgani kabi ushbu illat jamiyatni yemiradi, chiritadi. Shuni ham unutmaslik kerakki, bugungi davrda hech bir davlat korrup­siyadan xoli emas. Ammo unga qarshi kurashmaslik falokatga eltishi tayin. BMT Taraqqiyot dasturida jahon iqtisodiyoti aynan korrupsiya holatlari tufayli ­yiliga 2,6 trillion AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘qotayotganini, jamiyat ravnaqining eng xavfli kushandasiga aylangan bu illatga qarshi faqat birgalikda kurash olib borishgina kutilgan samarani berishi ta’kidlangan.

Demak, korrupsiya balosi dunyodagi ko‘plab mamlakatlarni qamrab olgan, hozir jahonda poraxo‘rlik tugatilganligi bilan maqtana oladigan biror davlatning o‘zi yo‘q. Dunyo demokratiyasining qo‘rg‘oni hisoblangan Yevropaning rivojlangan davlatlari ham bunday illatdan xoli emas.

Yevropa aksilkorrupsiya agentligi (OLAF) va Yevroittifoq adliya direktorati birgalikda tayyorlagan qo‘shma ma’ruzada aytilishicha, YEI mamlakatlaridagi korrupsiya holatlari tashvishlanarli. Agar ilgari Yevropa fond­laridan o‘g‘rilangan mablag‘lar hajmi millionlab yevro hisoblangan bo‘lsa, endilikda u milliardlarni tashkil etmoqda. YEI mamlakatlari korrupsiya balosidan 323 milliard yevro yo‘qotadi.

Tashkilotning o‘zi korrupsion zararni 120 milliardga teng baholayotgan bo‘lsa-da bu summa Qatar kabi boy davlatning yillik budjeti bilan barobar. Achinarlisi, pora berishning, korrupsiyaning turlari ham ko‘payib ketdi. Hozirgi kunda jinoyatni yashirish uchun naqd to‘lov vositasi bo‘lmagan kriptovalyutalarda “haq berish” avj oldi. Ko‘rinib turganidek, dunyoda korrupsiyaviy holat og‘ir bo‘lib, u har qanday davlatdan bu jirkanch ofatga qarshi ayovsiz kurashni talab qiladi.

Har yili xalqaro tashkilotlar korrupsiyaga qarshi kurash borasida dunyo davlatlarining vaziyatini tahlildan o‘tkazib ­boradi. Ana shunday tashkilotlardan biri hisoblangan “Transparenci Internashional”ning 2021 yil uchun chiqargan Korrupsiya indeksidan ma’lum bo‘lishicha, dunyo mamlakatlarining 86 foizi oxirgi 10 yilda korrupsiyaga qarshi kurashda biror ijobiy siljishga erishmagan. 154 davlatda vaziyat yomonlashgan yoki hech qanday ijobiy o‘zgarish yuz bermagan.

Korrupsiyaga qarshi kurashda vaziyat ijobiy tomonga o‘zgargan mamlakatlar ham mavjud. Ular orasida Markaziy Osiyodan O‘zbekiston bor. Hisobotga ko‘ra O‘zbekiston oxirgi yillarda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha o‘z reytingini yaxshilab bormoqda. 2012 yildan beri mamlakatimizning indeksdagi ko‘rsatkichi 11 ballga o‘sgan. Demokratlashtirish jarayonini jadallashtirib, shuningdek, hukumat idoralarida korrupsiyaga qarshi kurashni jonlantirib ­O‘zbekiston mintaqada boshqalar uchun ­namuna bo‘lmoqda.

Bu O‘zbekistonda korrupsiya bilan bog‘liq muammolar yo‘q degani emas. Mamlakatimizda ochiqlik siyosati olib borilmoqda, korrupsiyaga qarshi kurash mavzusi OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng ­yoritilyapti. Ta’sirchan jamoatchilik ­nazorati yo‘lga qo‘yilyapti. Sirasini ­aytganda, korrupsiyaga qarshi ­kurashishning tashkiliy-huquqiy va ­moliyaviy mexanizm­larining takomillashtirilayotgani, bu ­jarayonga ­jamoatchilik va ommaviy axborot ­vositalarini jalb qilish hamda ­korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ­idoralararo hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar, ­albatta, o‘z natijasini beradi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ushbu illatga qarshi kurash har qachongidan ham kuchaydi. Davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etildi. Ayniqsa, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirishga jiddiy e’tibor qaratilayotir. Jumladan, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish natijadorligini oshirishga qaratilgan ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezidentlikka saylangach ilk imzo chekkan hujjatlardan biri “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun edi. ­Prezidentimiz tashabbusi bilan “elektron hukumat” tizimidan keng foydalanilmoqda. Ushbu tizimning joriy etilishi va imkoniyatlarini to‘liq ishga solish korrupsiyaga qarshi ­kurashishda samarali vosita hisoblanadi.

AQSH, Buyuk Britaniya, ­Shvetsiya, Singapur, Norvegiya, Koreya Respublikasi kabi mamlakatlar “elektron hukumat”ni yaratish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishda yuqori natijalarga erishgan. Yuqoridagi ­davlatlarning tajribalaridan xulosa chiqarish mumkinki, “elektron hukumat”­ni joriy qilish davlat boshqaruvi organlari faoliyatida oshkoralikni ta’minlashga katta yordam beradi.

Ta’kidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashishning eng asosiy yo‘li — davlat organlari faoliyati va ish jarayonlari shaffofligini oshirish, ishga qabul qilish, davlat xaridlari, ruxsatnoma va litsenziyalar berish kabi jarayonlarda ochiq-oshkoralikni ta’minlash. Albatta, bularni uddalash oson bo‘lmaydi. Lekin o‘tgan olti yil davomida bu borada katta tajriba to‘plandi. Unga barham berishda eng samarali vosita illatning o‘zi bilan emas, balki sababi bilan kurashish ekanini ko‘rsatdi.

Korrupsiyaning oldini olishda kompleks yondashuv zarur, sababi busiz ushbu illatni yengib bo‘lmaydi. Duch kelgan bitta sohani tanlab kurashadigan bo‘lsak, korrupsiya zanjirini uzish qiyin. Shu bois davlatimiz rahbari Murojaatnomada parlament a’zolari va mahalliy Kengashlar deputatlarini ham bong urib, aniq sohalarni tahlil qilib, korrup­siyani bartaraf etish bo‘yicha faol bo‘lishga chaqirdi, buning uchun ularda yetarli vakolat ham, shijoat ham borligini ta’kidladi.

Shuningdek, Prezident tomonidan ­sun’iy monopoliya, yopiq sxemalar, ­umuman, korrupsiyaga imkon beruvchi barcha bo‘shliqlarga ­barham berilishi lozimligi qayd etildi. Boisi ushbu illatlar jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Bu, o‘z navbatida, islohotlarning natijasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, qonun ishlashi, samara berishi, korrupsiyaga qarshi kurash natijadorligi sizu bizga, barchamizga, aholining huquqiy ongi va madaniyati yuksalishiga ham bog‘liq. Yuqorida ta’kidlangan Qonunning 3-bobi “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish” deb nomlanadi. Unda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ta’lim muassasalarida huquqiy ta’lim va tarbiya masalalari ustuvor vazifa ekanligi belgilangan.

Umuman olganda, fuqarolarda ushbu illatga qarshi kurashishda huquqiy ong hamda madaniyatning yetarli darajada emasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishini ko‘paytiradi. Shuningdek, “Jamiyatda poraxo‘rlik illatini yengib bo‘lmaydi”, degan fikrning yoshlar ongida shakllanib qolgani katta kamchiligimizdir. Bu borada siljish qilinmasa ushbu illat ortimizdan ­soyadek ergashib yuraveradi. Toki oila, ­bog‘cha, maktabda tamagirlik, po­raxo‘rlik yomon illatgina emas, balki u jamiyat tanazzuli sababchisi ekanligi haqida ko‘proq tarbiyaviy va ­targ‘ibot ishlarini olib bormas ­ekanmiz, maqsadga erishishimiz qiyin ­kechadi.

Shuningdek, jamiyatning barcha a’zosi “halollik vaksinasi” bilan emlanishi, har birimiz korrupsiyaga qarshi kurash masalasida hushyorlikni qo‘ldan boy bermasligimiz zarur. ­Befarq, loqayd bo‘lar ekanmiz taraqqiyotga to‘g‘anoq bu illatdan ­xalos bo‘lolmaymiz.

Korrupsiya muqarrar falokatdir. U odamlarda kelajakka ishonch, umid ruhini so‘ndiradi. Jamiyatda ruhsiz va kayfiyatsiz insonlarning ko‘payishiga, o‘g‘rilik, kazzoblik kabi illatlarning urchishiga sabab bo‘ladi.

Muxtasar aytganda, Murojaatnomada ta’kidlab o‘tilgan korrupsiya illatiga barham berishga qarshi kurash mamlakatimizning yaqin va uzoq yillar uchun belgilab olingan Taraqqiyot strategiyasini to‘liq amalga oshirishga xizmat qiladi.

Akramjon YO‘LDOSHЕV,
Andijon davlat universiteti rektori,
biologiya fanlari doktori, professor.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yechim — illatning o‘zi bilan emas, sababi bilan kurashishda