date
views 582

Sochma o‘q bilan ovlangan qushlarni yesa bo‘ladimi?

Sochma o‘q bilan ovlangan qushlarni yesa bo‘ladimi?

SAVOL: 

Men ovchilik bilan shug‘ullanaman. Sochma o‘q bilan ovlangan qushlarni yesa bo‘ladimi? Chunki sochma o‘qlarning uchi to‘mtoq bo‘ladi. Eshitishimcha, o‘q uchli, tig‘li bo‘lishi shart ekan.


JAVOB: 

Bu holatda agar ovchi otish paytida “Bismillah ...” deb otgan bo‘lsa va qush go‘shti halol qushlardan bo‘lib, otilgan o‘q ta’sirida o‘lsa, garchi sochma o‘q bilan otilsa ham, shubhasiz halol bo‘ladi. Lekin o‘q tekkan qush to‘g‘ridan to‘g‘ri yerga emas, balki biror narsaga (masalan: tog‘u-toshga, yoki qattiq jismga) urilib tushsa, yoki suvga tushsa bu holatda o‘q ta’sirida o‘lmay, aksincha qattiq urilib yoki suvga tushib o‘lgan bo‘lishi ehtimoli borligidan halol bo‘lmaydi. Chunki fiqhiy qoidaga ko‘ra go‘sht borasida halol haromligi aniq bo‘lmasa, ehtiyotan haromligi olinadi. Shom diyorida yashab o‘tgan mashhur hanafiy olim, alloma Mahmud ibn Muhammad al-Hamzoviyning “Fatvol havos fi hilli ma siyda birrosos” kitobida shunday keltirilgan:


“Shariatga muvofiq so‘yish imkoni bo‘lmagan paytda ovning halol bo‘lishi uchun talab qilingan narsa hayvon tanasini teshib o‘tadigan, parchalaydigan va undan qon oqizish imkonini beradigan narsa bilan qasdan jarohat yetkazishdir”.


“Ovlangan hayvonning halol bo‘lishi uchun talab qilingan ish – qaysi narsa bilan bo‘lsa ham hayvonning badanini teshib o‘tish va qon oqizishdir. Fuqaholarning “o‘q tig‘li bo‘lsin” degan gaplaridan iroda qilingan narsa ayna mana shu. Ya’ni o‘q hayvon tanasini parchalaydigan, teshib o‘tadigan va qon oqizadigan bo‘lishi kerakdir. Bu sifatlar ov miltig‘ining odatiy o‘qida ham, sochma o‘qida ham mukammal darajada topiladi. Shu sabab har ikkala o‘q bilan ovlangan go‘shti halol jonivor garchi tirik topilmasa ham halol bo‘ladi". (198-bet).


Xulosa qilib aytganda, Sochma o‘q bilan shariat ko‘rsatmalariga muvofiq tarzda ov qilinganda, o‘sha ov halol sanaladi. Vallohu a’lam.


Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sochma o‘q bilan ovlangan qushlarni yesa bo‘ladimi?