09:00 / 26.02.2023
134

Biznes diplomatiya - tashqi siyosatga ijobiy ta’sir qiluvchi omil

Biznes diplomatiya - tashqi siyosatga ijobiy ta’sir qiluvchi omil

«Fikrat» tahliliy ko‘rsatuvining yana bir soni muxlislarni yanada quvontirdi. Buni onlayn ko‘rsatuv davomida berilgan savollarning ko‘pligi va rang-barangligidan ham bilsa bo‘ladi.

O‘zbekistonning turli davlat, xususan, turkiy tilli davlatlar bilan hamkorligi masalalariga bag‘ishlangan ushbu tahliliy dasturda falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Karimov hamda O‘zbekiston iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarov ekspert sifatida ishtirok etishdi.

O‘zbekiston iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarovning “biznes diplomatiya” tushunchasi va bu borada amalga oshirgan ishlari tomoshabinlar uchun yangilik bo‘ldi.

- O‘zbekiston iqtisodiyot assambleyasi o‘z faoliyatining birinchi kunlaridanoq O‘zbekiston uchun yangi bir yo‘nalish - iqtisodiy diplomatiya, yoki boshqacha qilib aytganda, biznes diplomatiyaga alohida e’tibor qarata boshladi, deydi Muxtor Umarov.

- Biznes diplomatiya iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stona va o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishni anglatadi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha Yevropa mamlakatlari bilan ham, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan ham keng ko‘lamdagi muloqotni yo‘lga qo‘ydik. Lekin bir narsa yaqqol ko‘zga tashlanyaptiki, turkiy davlatlarning tadbirkorlari bilan til topish juda oson va tez kechmoqda. Tillar va qalblar yaqinligi ijobiy omil bo‘lgan, nazarimda.

Hammaga ma’lum, qayerda rivojlanish oson bo‘lsa, imkoniyatlar ko‘p bo‘lsa, to‘siqlar bo‘lmasa, qayerda ko‘proq manfaat bo‘lsa, tadbirkorlar o‘sha yerga intiladi. Biz ham bu masalalarni aniqlab, tahlil etish va tegishli yechimlar taklif qilish asnosida shunday tadbirkorlar bilan o‘zaro tajriba almashib, ular bilan eksport-import bo‘yicha istiqbolli va samarador g‘oyalarni shakllantiryapmiz.

O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lishi va tashkilot doirasidagi anchayin samarali faoliyati bu sohadagi sa’y-harakatlarimizga katta yordam berib kelayotgandi. Afsuski, koronavirus pandemiyasi ish sur’atimizni ancha susaytirib qo‘ydi. Faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishlariga biroz tuzatishlar kiritishimizga to‘g‘ri keldi.

Pandemiya tugashi bilanoq, mazkur tashkilot rahbariyati bilan muloqot qilib, Turkiyaga biznes delegatsiya sifatida bordik. To‘qqiz kunlik safarimiz davomida ko‘plab vazirliklar, sanoat hududlari rahbarlari, nodavlat tashkilotlar bilan uchrashuvlar uyushtirildi. Turkiyada biznes uchun yaratilgan sharoitlar va bu yo‘ldagi muammolarni hal qilish bo‘yicha tajriba almashib, qimmatli hamda foydali ko‘nikmalar hosil qildik.

Ta’kidlashim kerak, bunday uchrashuvlar nafaqat Turkiya, balki boshqa rivojlangan xorijiy mamlakatlar va ularning biznes qatlami bilan ham yo‘lga qo‘yilishi maqsadga muvofiq. Chunki o‘zaro tajriba almashuvlar nafaqat tadbirkorlikni rivojlantirib, pirovardida xalq farovonligining oshishiga xizmat qiladi, balki O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan siyosiy-diplomatik aloqalari mustahkamlanishiga ham hissa qo‘shadi.

Qolaversa, O‘zbekistonning tashqi siyosatida bizni qo‘llovchi davlatlar va siyosatchilarning ko‘payishiga ham xizmat qiladi.

Shu jihatdan olib qaraganda, biznes diplomatiya ayni vaqtda mamlakatimiz uchun e’tibor qaratsa arziydigan yo‘nalishlardan biri, deb hisoblayman, deya o‘z mulohazalarini bayon etdi O‘zbekiston iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarov.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Biznes diplomatiya - tashqi siyosatga ijobiy ta’sir qiluvchi omil