date
views 227

«Sizlardan bir umr qarzdormiz» - Shavkat Mirziyoyev ayollarni bayram bilan tabrikladi

«Sizlardan bir umr qarzdormiz» - Shavkat Mirziyoyev ayollarni bayram bilan tabrikladi

Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida «8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni»ga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, mamlakat ayollariga tabrik yo‘lladi.

Bugun har birimiz cheksiz minnatdorlik hissi bilan Yaratganning buyuk mo‘jizasi bo‘lgan ayol zotiga – mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimiz sha’niga eng go‘zal so‘zlarni aytishimiz tabiiydir. Biz sizlarni eng avvalo fidoyilik timsoli deb bilamiz. Mehridaryo qalbingiz, aql-zakovatingiz, sevgi va sadoqatingiz uchun sizlardan bir umr qarzdormiz, – dedi davlat rahbari.

Qayd etilishicha, bugungi kunda ayollarning ulushi tibbiyotda – 77 foizni, ta’lim sohasida – 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 46 foizni tashkil etgan. 2 ming nafarga yaqini davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda.

Ayollardan 17 nafari eng oliy mukofot – «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan. Xotin-qizlar orasida 5 nafar akademik, oliy ta’lim muassasalarining o‘zida 700 nafardan ziyod fan doktori, qariyb 3 ming nafar fan nomzodi, shuningdek, faxriy unvonlarga sazovor bo‘lganlar bor.

Prezident ayollarning sifatli ta’lim olishi masalasiga to‘xtalar ekan, Abdurauf Fitratning «Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir» degan so‘zlarini yodga oldi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda bu boradagi sharoitlar izchil kengaytirildi. Agar bundan 6 yil avval oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz ta’lim olgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu raqam qariyb 500 ming nafarni tashkil etmoqda.

Qanday qonun va qarorlarni qabul qilmaylik, qanday islohotlarni hayotga joriy etmaylik, davlat rahbari sifatida mening ko‘z o‘ngimda avvalo munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimiz siymosi, ularning dardu tashvishlari turadi. Siz, azizlarimning oila davrasida tinch-omon, sog‘-salomat, farovon va baxtli turmush kechirishingiz, jamiyat hayotida faol ishtirok etishingiz uchun xizmat qilishni men o‘zim uchun nafaqat asosiy vazifa, balki sharafli burch, deb bilaman. Chunki oila tayanchi, jamiyat ustuni bo‘lgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi bo‘lsa, butun xalqimiz hayotdan rozi bo‘ladi. Xalq rozi bo‘lsa, Yaratganimiz ham bizdan rozi bo‘ladi, – deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning 6 martdagi farmoniga muvofiq bir guruh xotin-qizlar yuksak unvon, orden va medallar bilan, 28 nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi. Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda chet ellik diplomat ayollar, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ham ishtirok etdi. Davlat rahbari ularni ham samimiy tabrikladi. Bayram tantanali konsert dasturi bilan yakunlandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Sizlardan bir umr qarzdormiz» - Shavkat Mirziyoyev ayollarni bayram bilan tabrikladi