Bolaligimda men nasroniylik yakshanbalik maktabga borishni yaxshi ko‘rardim. O‘shanda o‘zimga o‘zim Muqaddas Kitobni boshidan oxirigacha o‘qishga va’da berganimni eslayman.
Yillar o‘tdi. Turmushga chiqib, ikki farzandning onasi bo‘ldim. Kunlarning birida cherkovga borishga qaror qildim. Ammo endi bolalikdagi iliqlik yo‘q edi. Cherkov rohibalari haqida turli gap-so‘zlar, oiladagi zo‘ravonlik va hokazolar bunga sabab bo‘lgandir. Nima bo‘lganda ham, men bu joy avvalgidek emasligini his qilar edim.
Bolaligimda biror noto‘g‘ri ish qilganimda yoki Xudoning yordamiga muhtoj bo‘lganimda, eng yaqin cherkovga borib, Xudodan menga yordam berishini va meni kechirishini so‘rardim. Endi, katta bo‘lib, tiz cho‘kib, bir paytlar otam menga o‘rgatganidek, Xudodan meni to‘g‘ri yo‘lga boshlashini, gunohlarimni kechirishini, boshqalarga yaxshilik qilishimga yordam berishini so‘radim. Chunki men avvalgi ishonchni yo‘qotgan va ilgari menda bo‘lgan e’tiqodlardan uzoqlashib ketgandek edim.
Ertasi kuni Muqaddas Kitobni sotib olishga va uni boshidan oxirigacha o‘qib chiqishga qaror qildim. Yaqinda bo‘lgan kitob do‘konida sotuvga qo‘yilgan Muqaddas Kitob nusxalaridan birini oldim, lekin to‘g‘ridan-to‘g‘ri kassaga borish o‘rniga, sahifalarini varaqlay boshladim. Bir payt men boshimni ko‘tarib qarasam, peshtaxtadagi ustiga «Qur’on» deb yozilgan kitobga ko‘zim tushib qoldi. Injilni javondagi o‘rniga qo‘yib, Qur’onni oldim, uni ochdim va u yerda Nuh, Ibrohim, Muso va Yusuf kabi turli payg‘ambarlar bilan birga Isoning ismini ko‘rib hayratda qoldim.
Musulmonlar ham biz ishongan payg‘ambarlarga ishonishlarini tushunib hayratda qoldim. Natijada men Qur’on sotib olib, uyga olib keldim. Men bu kitobni o‘qiy boshlaganimda, kecha tunda Xudodan so‘ragan yo‘llanma o‘zimning qo‘limda ekanligini asta-sekin anglab yetdim. Vaqt o‘tishi bilan men Qur’ondagi xabarlar butun insoniyat uchun ekanini angladim. Shundan so‘ng Islomni qabul qildim. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi:
«…Bu kun sizga diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni to‘kis qildim. Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim...» (Moida, 3).
«U Zot senga Kitobni haq ila o‘zidan avvalgi narsani tasdiqlovchi qilib nozil qildi hamda Tavrot va Injilni nozil qildi…» (Oli Imron, 3).
Ko‘pchiligimizga ma’lumki, Injilning Yangi Ahdi Iso alayhissalom ketganidan keyin o‘nlab yillar o‘tgach tuzilgan. Bundan tashqari, Injil asrlar davomida ko‘p marta qayta yozilgan, tarjima qilingan va natijada uning hozirgi shakli asl nusxadan sezilarli darajada farq qiladi. Alloh taolo buni bilishimizni xohlaydi va Qur’onda bu haqiqatga ishora qiladi.
Nazarimda, kimdir to‘g‘ri yo‘lga kirishni istasa, duo bilan yuzlansin, sidqidildan Allohdan hidoyat, najot va mag‘firat so‘rasin – Alloh xohlasa, bunga javoban sizni Islomga yo‘naltiradi.
Abu Hurayra Abdurrahmon ibn Saxr raziyallohu anhudan rivoyat: Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bunday deganlarini eshitdim: "Sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsam, undan yiroq bo‘linglar. Nimaga buyurgan bo‘lsam, imkon qadar o‘sha narsani bajaringlar. Sizlardan avval o‘tgan qavmlarni halok qilgan narsa ularning o‘z payg‘ambarlariga ko‘p savol beraverishlari va ko‘rsatmalariga xilof ish qilishlari bo‘lgan". (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).
Oysha Hasan (Jaklin Rut Pyu)
Muhammad Hanif Shahidning «Ayollar nega Islomni qabul qilishmoqda?» kitobidan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar