10 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirgan firibgar bankir O‘zbekistonga qaytarildi

O‘zbekiston Respublikasi huquq-tartibot idoralari mamlakat fuqarosi Shukurillo Qo‘zievni qabul qilib olishdi. U respublika Jinoyat Kodeksining 167 moddasi 3 bandi «a, v» xatboshisi (o‘g‘irlik), 205 moddasi 2 bandi «a, b, v» xatboshisi (lavozimini suiiste’mol qilish), 209 moddasi 2 bandi «a, b» xatboshisi (lavozim firibgarligi), 243 moddasi (jinoiy faoliyat orqali topilgan daromadlarni legallashtirish)da ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgan, deyiladi "Kun" nashrida.
Respublika huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘ziev 2005-2007 yillarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan. U uyushgan jinoiy guruh tarkibida jismoniy va yuridik shaxslarning mablag‘larini katta foizlarni va’da qilib, o‘z nazoratidagi bankka jalb etgan.
Keyinchalik Qo‘ziev bu mablag‘larni o‘zi tashkil etgan soxta tashkilotlarga kredit taqdim etish vaji bilan o‘tkazgan. So‘ngra o‘sha tashkilotlardagi mablag‘lar naqd pulga aylantirilgan va o‘zlashtirilgan.
Bu jinoiy harakatdan etkazilgan zarar 280 mln so‘mni tashkil etgan.
Bundan tashqari, Qo‘ziev tashkilotlarning Nizom hujjatlari, bankning qator rasmiy hujjatlarini bir necha marta o‘zgartirgan.
Shu bilan birga, uyushgan jinoiy guruh tarkibida, soxta moliyaviy amaliyotlar vositasida 9,9 mlrd so‘mni o‘zlashtirib yuborgan.
O‘tgan yilning oktyabr oyida Shukurillo Qo‘ziev Rossiya polisiyasi tomonidan Podmoskovyaning Klin tumanida ushlangan edi.
Moskva oblasti prokuraturasi unga nisbatan ekstradisiya tekshiruvini amalga oshirgan. Materiallar Rossiya Federasiyasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan. Bosh prokuratura qaroriga ko‘ra, Qo‘ziev jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida O‘zbekiston tomoniga topshirilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing