
Xalqimiz orasida yetimlar boshini silab, el duosini olayotgan yurtdoshlarimiz talaygina. Ularning oxiratdagi mukofotlari esa faqat Yaratganning o‘ziga ayon.
AzonTVda efirga berilgan «Munosabat» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida ana shunday qalbi daryo inson, bir emas, bir necha yetimlarni asrab olgan tadbirkor Murod Nazarov qatnashdi.
El og‘ziga etak tutib bo‘lmaydi. Murod Nazarovning bu savobli ishini ham turlicha talqin qilib, turli gumonlarga borgan ko‘ngli buzuq odamlar ham topiladi. Ayniqsa Murod Nazarovning qaysi maqsadda bu ishga qo‘l urgani ko‘pchilikka qiziq.
- Barcha amallarimiz va ishlarimiz singari, hayotiy shiorimiz, hayotimizning mazmuni bo‘lgan maqsad – Rabbimizning roziligidan umid qilgan holda shu qarorga kelganmiz, deydi Murod Nazarov. - Chunki Allohga qaysidir bir amalimiz maqbul kelishi va jannatga tushmoq uchun shu amalning o‘zi yetarli bo‘lishi mumkin, deyishadi. Lekin o‘sha amal qaysi biri ekanini aniq bilmaymiz. Balki shudir, deya umid bilan amal qilamiz. Yetimlar boshini silagan musulmon Rasulloh sollallohu alayhi vasallamga qo‘shni bo‘ladi, degan hadislar mashhur.
- Lekin bu narsani ham maqsad qilib bo‘lmaydi. Yetimlarga otalik qilsam, yetimlar boshini silab, mehr berib, ta’lim-tarbiya berib, oq yuvib, oq tarab, kelajakka, mustaqil hayotga qadam qo‘yishiga, jamiyatga ziyoli bir inson yetishib chiqishiga hissa qo‘shsak, deb orzu qilganmiz. Balki shu ishimiz xudoga maqbul kelib qolar, degan umid bilan shu qarorga kelganmiz.
Aslida farzand ham omonat. Farzand nega insonga berilishini aksariyat musulmonlar yaxshi tushunadi. Lekin tushunmaydiganlar ham bor. Farzand - bizga omonat. Ba’zilar bolalaridan yaxshilik kutishini aytadi. Ertaga qariganida unga qaramay ketib qolishidan qo‘rqishadi. Bu noto‘g‘ri. Ota-onaning vazifasi – yaxshi ism berish, to‘g‘ri tarbiya va ilm berish, farzandlariga namuna bo‘lib, mustaqil hayotga qo‘yib yuborish sanaladi.
To‘g‘ri tarbiya olgan bola shundog‘am ota-onasini yolg‘iz tashlab qo‘ymaydi. Farzanddan bir narsa kutish kerak emas. Nafaqat yangi asrab olingan bolalar, hatto o‘z biologik bolalaringiz ham omonat hisoblanadi. Ular uchun ertaga xudo oldida javobgar bo‘lamiz. Ertaga komil inson bo‘lib yetishib chiqishiga men mas’ul hisoblanaman. Ertaga bolalarim qiladigan savob yoki gunoh amallar uchun ham mas’ulman.
Oilamizda shunday tartib o‘rnatganmizki, bolalarimiz bizdan boylik qolishini umid qilmaydi. Biz oldindan aytganmiz: mustaqil hayot boshlagunlaringga qadar sizlarga maksimal darajada yordam beramiz. Ertaga o‘zlaring pul topasizlar. Biz topgan-tutganlarimizni o‘zimiz atrofdagilarimizdan umid qilgan holda sarf qilamiz. Hamma bolalarimiz buni yaxshi tushunishadi. Xayollariga ham keltirishmaydi. Biz axir bilmaymiz qaysi amalimiz xudoga yoqishini.
Xullas, yetimxonadan oilamizga farzand qabul qilishimizdan maqsad ham shu - balki shu amalimiz boshqa amallarimiz ichidan maqbulroq bo‘lar, deganmiz. O‘zi bizda 5 nafar farzandimiz bor edi. Yana 9 farzandni qo‘shdik, jami 14 nafar bo‘lishdi, deydi Murod Nazarov.
Murod Nazarovning yana boshqa nozik savollarga ham javoblari bilan tanishmoqchi bo‘lsangiz, "Munosabat" ko‘rsatuvining ushbu sonini Youtube tarmog‘ida batafsil tomosha qiling.
Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar