15:33 / 27.04.2023
223

O‘zbekistondagi to‘rtta aeroport boshqaruvi xususiy sektorga topshiriladi

O‘zbekistondagi to‘rtta aeroport boshqaruvi xususiy sektorga topshiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Andijon, Namangan, Buxoro va Urganch aeroportlari boshqaruvi xususiy sektorga topshiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ma’lum qildi.
 
Biz transport sohasida raqobat muhitini yaratishga qaratilgan islohotlarni davom ettiramiz. Bu yil Andijon, Namangan, Buxoro va Urganch aeroportlari boshqaruvini ham xususiy sektorga topshiramiz. Temir yo‘l sohasida ham katta o‘zgarishlarni boshlayapmiz va bunda investorlar faol ishtirok etishlarini so‘rab qolaman”, — dedi davlat rahbari.
 
Shu bilan birga, tez o‘sib kelayotgan IT, turizm, ta’lim, tibbiyot kabi sohalarda O‘zbekiston mintaqaviy xabga aylanib borayotgani ham bu yo‘nalishdagi katta imkoniyat ekani ta’kidlandi. Bu yil davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish bo‘yicha 14 milliard dollarlik alohida dasturlar xalqaro moliya institutlari ko‘magida ishlab chiqilgan. Bular davlat uchun muhim bo‘lgan transport, kommunal va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash kabi tarmoqlarni qamrab oladi.
 
Shuningdek, bu yil O‘zbekistonda davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha “1 ming + 1 ming + 40” dasturi qabul qilingani aytildi.
 
Bu 1 mingta korxonadagi davlat ulushlari hamda yana 1 mingta davlatga tegishli ko‘chmas mulk obyektlari ochiq auksion savdolariga chiqariladi, iqtisodiyotimiz uchun strategik ahamiyatga ega 40 ta korxona IPO‘ga olib chiqiladi degani. Jumladan, oltin, mis ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar, telekommunikatsiya va sug‘urta kompaniyalari hamda banklar aksiyalari investorlarga taklif etiladi.
 
2021 yilda Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayeva O‘zbekiston tomoni aeroportlarning turli elementlarini rivojlantirish uchun xususiy investitsiyalarni jalb etishga tayyorligi, bu borada davlat-xususiy sherikchilik imkoniyatlaridan keng foydalanish mumkinligini ma’lum qilgandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat