
Maktabdagi sinfdoshlar miriqib suhbat qurishdi, dasturxonda barcha noz-u ne’matlar muhayyo edi. Gurung qizib, bolalik chog‘larida sinfning olg‘ir bolalaridan bo‘lganligini eslashib hatto bir qancha “spirtnoy”larni bo‘shatib qo‘yishganini ham sezmay qolishdi. Axiyri, ziyofat tugab, barcha yig‘ilganlar tarqaldi...
Abror esa arang oyoqda turar, shunday bo‘lsa-da, sir boy bergisi kelmasdan mashinasiga o‘tirdi.
Marhamatning ko‘chalarida ashulaga jo‘r bo‘lib ketayotgan mahal, yo‘l harakati xavfsizligiga mas’ul xodimlar uni to‘xtatdi.
- Aka tinchlikmi dedi, u, mashina oynasidan boshini xiyol ko‘tararkan.
- Hurmatli fuqaro, hujjatlaringizni tekshirib qo‘ysak, - shunday deya yuzlandi-yu, Abrordan spirt hidi anqib turganini sezdi. - Spirtli ichimlik iste’mol qilgan ko‘rinasiz, sizni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishimiz lozim.
- Yo‘q, men hech qayerga bormayman, hech qanday tekshiruvdan ham o‘tmayman, - deb qat’iy turib oldi haydovchi.
- Oldin ham mast holda avtomashinani boshqarganingiz uchun “prava”ngizdan ayrilgan ekansiz. Endi esa bu yana takrorlanyapti. Sizga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishimizga to‘g‘ri keladi, - deya javob berdi xodim.
- Qo‘lidan nima ham kelardi, yozsa yozsin deb pinagini ham buzmasdan Abror uyiga ketdi.
Oradan bir muddat o‘tib, ish sudgacha oshdi. Oqibatda Abrorga 9 mln. so‘m jarima qo‘llandi. Byuroning Marhamat tuman bo‘limi xodimlari jarimani to‘lashi kerakligi haqida ogohlantirishdi. Ijro harakatlari davomida undan 9 mln. so‘m jarima pullari undirildi.
Abror jarima pullarini to‘larkan, "Eh-h attang..... shu ziyofatda ichmasam bo‘larkan", - deb xayolidan o‘tkazdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar